
33 tuman va shahar «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi hudud»ga aylantiriladi
10.10.2025 | 13:0046014
Prezident qaroriga ko‘ra, ushbu hududlarni rivojlantirishga 4 trln so‘m ajratilmoqda.

O‘zbekistonda 33 ta tuman, shahar va mahalla «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi hudud» maqomini oladi. Bu haqda «Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–298-son, 08.10.2025 y.) qarorida belgilangan bo‘lib, mazkur hududlar aholi turmushini yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun namunali hudud sifatida rivojlantiriladi.
Loyiha doirasida har yili sanoat o‘sishi viloyat darajasidan 2–3 foiz yuqori bo‘lishi ta’minlanadi. Buning uchun mavjud xomashyo resurslaridan to‘liq foydalanish, qo‘shimcha qiymat yaratishga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish rejalashtirilgan.
Oziq-ovqat, mebelchilik, qurilish materiallari va tikuvchilik sohalarida kamida 10 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Buning uchun kamida 50 million dollar miqdorida investitsiya jalb etiladi. Shuningdek, avval tashqi bozorga chiqmagan 3–5 ta korxona eksport faoliyatiga jalb etiladi va xorijiy mutaxassislar ishtirokida milliy brend mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab bu hududlardagi barcha davlat idoralari va ijtimoiy binolar faqat energiya tejamkor tamoyillar asosida quriladi yoki modernizatsiya qilinadi. Shuningdek, 2026 yil 1 martdan «nol energiya sarfli binolar» konsepsiyasi asosida pilot loyihalar amalga oshiriladi.
2027 yilga qadar davlat muassasalari va ijtimoiy tashkilotlar to‘liq energiya samarador uskunalar bilan jihozlanadi. Har bir tuman yoki shaharni rivojlantirish uchun davlat byudjeti hisobidan 100 milliard so‘m, har bir mahalla uchun esa 5 milliard so‘m ajratiladi.
Qo‘shimcha ravishda, Islom taraqqiyot bankining «Qishloq hududlarni barqaror rivojlantirish» hamda Jahon bankining «O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish» loyihalari doirasida mazkur hududlarga qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltiriladi.





