50 hudud uchun biznes rejalar ishlab chiqiladi
Hududlarning biznes-rejalari Olmazor tumani tajribasi asosida ishlab chiqiladi. Hokim yordamchilari ishbilarmonlik tashabbuslarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha loyiha guruhlariga birlashtiriladi.

O‘zbekiston Prezidentining PQ-49-son qaroriga muvofiq, 2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida 50 ta shahar va tuman uchun alohida biznes rejalar ishlab chiqiladi. Loyiha Olmazor tumani tajribasi asosida amalga oshiriladi.
Yangi tizim Toshkent shahrining barcha tumanlarini, shuningdek, mamlakat bo‘ylab 38 ta shahar va tumanni qamrab oladi. Ular qatorida Nukus, barcha viloyat markazlari, Angren, Chirchiq, Yangiyo‘l, Qo‘qon, Marg‘ilon, Shahrisabz, Zarafshon, Urganch va Xiva bor. Hokim yordamchilari tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun maxsus loyiha guruhlariga birlashtiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi viloyat hokimliklari hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda bir oy muddatda hududlarning biznes rejalarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Loyiha guruhlari faoliyatini tashkil etishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bandlik vazirligi va mahalliy hokimliklar mas’ul etib belgilangan.
Qarorga ko‘ra, ishtirokchi hududlar hokimlari mahalliy budjetning orttirib bajarilgan qismi hisobidan hokim yordamchilariga samaradorlik uchun ustama to‘lash huquqiga ega bo‘ladi. Muvofiqlashtirish uchun loyiha guruhlari ishiga mutaxassislarni jalb qilishga ham ruxsat beriladi.
Shuningdek, muammoli kreditlarni undirish bo‘yicha qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmi joriy etilmoqda. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 2022 yilgacha ajratilgan kreditlar bo‘yicha undirilgan qarz summasining 20 foizi, 2022 yildan 2025 yil boshigacha berilgan kreditlar bo‘yicha esa 10 foizi miqdorida bonus to‘lanadi.
Bundan tashqari, «og‘ir» mahallalar uchun master-rejalar ishlab chiquvchi talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 100 million so‘mlik grant dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Grantlar tanlov asosida ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, aynan shu qaror bilan mahallalarda uy mehmonxonalarini tashkil qilish uchun 150 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi ham belgilangan.





