
7 yilda ikki barobar o‘sish: O‘zbekistonda ayollarning yarmi bank hisobvarag‘iga ega bo‘ldi
21.07.2025 | 21:0011043
Jahon bankining 2025 yilgi Global Findex hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda ayollarning 50 foizi moliyaviy hisobga ega bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2017 yilda 28 foizni tashkil etgan edi.

Jahon banki tomonidan e’lon qilingan Global Findex 2025 hisobotida qayd etilishicha, so‘nggi yetti yil ichida O‘zbekistonda ayollarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish darajasi keskin oshgan. Agar 2017 yilda mamlakatda ayollarning faqat 28 foizida bank hisobvarag‘i bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 50 foizga yetgan.
Aholining umumiy moliyaviy xizmatlardan foydalanish darajasi ham 2017 yildagi 34 foizdan 2024 yilda 56 foizgacha ko‘tarilgan.
Hisobotda ayniqsa mobil moliyaviy platformalarning ommalashuvi alohida ta’kidlangan. Agar 2017 yilda mobil hamyonlardan foydalanuvchilar 5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 24 foizga yetgan. Mobil servislar ayniqsa an’anaviy bank tizimi zaif bo‘lgan qishloq hududlarda keng qo‘llanilayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, 2024 yil davomida kattalarning 34 foizi raqamli to‘lovlarni amalga oshirgan. Bu raqamlar mamlakatda raqamli moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talab oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Global Findex ma’lumotlari Jahon banki tomonidan 2011 yildan beri 120 dan ziyod mamlakatda o‘tkazilayotgan tadqiqotlar asosida tuziladi. 2025 yilgi hisobot 2024 yilda o‘tkazilgan so‘rovlarga asoslangan.





