Logo

90 mln dollar zarar keltirgan «Koreya ishi»ning bir qismi bo‘yicha sud 29-iyulda boshlanadi

Bugun 18:412 daqiqa

Ish doirasida DXX sobiq zobiti podpolkovnik Ganchar Uzoqov, Ichki xavfsizlik departamentining sobiq boshlig‘i, polkovnik Alijon Ashurov, uning o‘rinbosari Temur Shorixsiyev va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari Suhrob Sayfutdinovlar sudlanuvchi sifatida jalb etilgan.

90 mln dollar zarar keltirgan «Koreya ishi»ning bir qismi bo‘yicha sud 29-iyulda boshlanadi © Bosh prokuratura departamenti

90 million dollar miqdorida zarar yetkazilgani aytilgan Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni 29-iyul kuni boshlanadi. Bu haqda «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘z Telegram sahifasida ma’lum qildi.

Uning yozishicha, ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida sudya Dadaxonova raisligida ko‘rib chiqiladi. Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan.

Ish doirasida podpolkovnik unvoniga ega bo‘lgan DXX sobiq zobiti Ganchar Uzoqov, Davlat xavfsizlik xizmati Ichki xavfsizlik departamentining sobiq boshlig‘i, polkovnik Alijon Ashurov, uning o‘rinbosari Temur Shorixsiyev va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Suhrob Sayfutdinovlar sudlanuvchi sifatida jalb etilgan. Ashurov 2024-yilning noyabr oyida ishdan olingandi.

Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «a», «b» bandlari (pora olish), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) hamda 301-moddasi 1-qismi (hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) bilan ayblov e’lon qilingan.

Avvalroq Tashqi mehnat migratsiyasi va xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion sxema aniqlangani ma’lum bo‘lgandi. Xalqaro qidiruvga berilgan agentlikning sobiq mulozimi Azizbek Toshtemirovning aytishicha, bu jinoyatga agentlikning amaldagi rahbari Behzod Musayev va sobiq rahbari Afzal Irmatov ham aloqador.

Yillar davomida Janubiy Koreyada ish izlayotgan vatandoshlar davlat dasturlari orqali katta miqdordagi noqonuniy to‘lovlar va poralar muntazam ravishda undirib kelingan. Xabarlarga ko‘ra, ba’zi o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaga jo‘natish ro‘yxatiga kiritilish uchun 4000 dollardan 10 ming dollargacha pul to‘lashga majbur bo‘lgan.

14-may kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti ushbu ish bo‘yicha rasmiy bayonot berdi va noqonuniy ravishda yig‘ilgan mablag‘larning umumiy hajmi qariyb 90 million dollarga yetgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan Azizbek Toshtemirov Interpol qidiruv ro‘yxatiga kiritilgan. Bundan tashqari, ishda yana bir muhim shaxs sifatida tilga olingan DXX Ichki xavfsizlik tergov departamenti kuratori Muzaffar Nurmatov mamlakatdan qochib ketgani haqida xabarlar tarqalgan.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar noqonuniy to‘lovlarni to‘lagan, ammo hech qachon Janubiy Koreyaga yuborilmagan 600 dan ortiq fuqarolardan arizalar kelib tushgan.

Ushbu keng ko‘lamli ish yana bir bor davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan mehnat migratsiyasi tizimida chuqur ildiz otgan korrupsiya sxemalari va yuqori lavozimli amaldorlarning ishtiroki bilan bog‘liq dolzarb savollarni oldinga surmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Migratsiya agentligi internetda tarqalgan ma’lumotlarga rasmiy munosabat bildirgandi.

Teglar

Mavzuga oid