add

Abdusattorov London Chess Classic’da bir tur oldin chempionlikni rasmiylashtirdi

Bugun 07:584022 daqiqa

Londondagi London Chess Classic 2025’ning 8-turidan keyin o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov 7 ochko yig‘ib, bir tur qolganda musobaqa g‘olibi sifatida finishni ta’minladi.

Abdusattorov London Chess Classic’da bir tur oldin chempionlikni rasmiylashtirdi

4-dekabr kuni Londonda joylashgan Emirates Stadium majmuasida shaxmat bo‘yicha London Chess Classic 2025 turnirining 8-tur bellashuvlari yakunlandi. 50 ming funt sterling mukofot jamg‘armasiga ega mazkur nufuzli musobaqada dunyoning yetakchi shaxmatchilari ishtirok etdi. Ular orasida bosh sovrin uchun kurashgan o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov finishga bir tur qolganidayoq chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Abdusattorov 8-turda musobaqaning birinchi raqamli ishtirokchisi, Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alirizo Firo‘zjaga qarshi dona surdi va durangga erishdi. Bu natija unga 8 imkoniyatdan 7 ochko to‘plash imkonini berdi. Firo‘zja esa 5 ochko bilan ikkinchi o‘ringa joylashdi. Shunday qilib, o‘zbekistonlik grossmeyster oxirgi tur natijasidan qat’i nazar, turniir g‘olibi sifatida o‘z pozitsiyasini mustahkamladi.

Musobaqaning so‘nggi, 9-tur bosqichida Abdusattorov ukrainalik grossmeyster Pavel Elyanovga qarshi o‘ynaydi. Bundan oldin u turnirni britaniyalik Geveyn Jonsga qarshi durang bilan boshlab, keyin ketma-ket oltita g‘alabani qo‘lga kiritdi. U mag‘lub etgan raqiblar quyidagilar: Abhimaniya Mishra (AQSH), Nikita Vityugov (Angliya), Maykl Adams (Britaniya), Nikolas Teodoru (Gretsiya), Sem Shenklend (AQSH) va Lyuk Maksheyn (Britaniya).

London Chess Classic’dagi muvaffaqiyatdan so‘ng Nodirbek Abdusattorovning reyting ko‘rsatkichlari keskin yaxshilandi. U onlayn-jadvalda 20 ochko qo‘shib, 22-o‘rindan 12-o‘ringa ko‘tarildi. Bu natija uni dunyo elitasi qatorida yanada mustahkam o‘rin egallaganini ko‘rsatadi.

Avvalroq Hindistonning Goa shahrida o‘tgan FIDE Jahon Kubogi finalida o‘zbekistonlik 19 yoshli shaxmatchi Javohir Sindorov g‘olib bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid