Abituriyentlar uchun OTM va yo‘nalish tanlash tartibi ma’lum qilindi
Bugun, 25-iyuldan boshlab abituriyentlar uchun OTM va ta’lim yo‘nalishini tanlash jarayoni boshlandi.
© Foto: podrobno.uz25-iyuldan boshlab 2026/2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar oliy ta’lim tashkiloti va bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniga ega bo‘ldi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Tanlov jarayoni «avval test — so‘ng tanlov» tamoyili asosida o‘tkaziladi. Abituriyentlar test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos ravishda 5 tagacha oliy ta’lim tashkiloti hamda ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin.
Shu bilan birga, har bir yo‘nalish uchun kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta’lim shaklini belgilash imkoniyati mavjud. Tanlovni bitta OTM doirasida yoki turli oliy ta’lim muassasalari kesimida amalga oshirish mumkin.
Tanlov qanday o‘tadi?
OTM va yo‘nalishni tanlash uchun abituriyentlar my.uzbmb.uz platformasiga kirib, «Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul» bo‘limi orqali xizmatdan foydalanishi lozim.
Jarayon davomida avval tanlov ustuvorligi, mavjud bo‘lsa maqsadli qabul bo‘yicha tanlov belgilanadi. Keyin esa fanlar majmuasiga mos ta’lim yo‘nalishlari va ta’lim shakllari tanlanib, ma’lumotlar saqlanadi.
Tanlovni yakunlash uchun telefon raqamiga yuborilgan SMS-kodni kiritish talab etiladi. Tasdiqlanganidan keyin «Abituriyent qayd varaqasi» shakllanadi va uni yuklab olib saqlash tavsiya etiladi.
Abituriyentlar kiritgan ma’lumotlarini 8-avgustga qadar istalgan vaqtda tahrir qilishi mumkin. Belgilangan muddat tugagach, tanlangan OTM, ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shaklini o‘zgartirish imkoniyati bo‘lmaydi.
Mutaxassislar yo‘nalish tanlashda faqat o‘tgan yilgi o‘tish ballariga emas, balki o‘z natijalari, qiziqishlari va kelgusidagi kasbiy rejalariga ham e’tibor qaratishni tavsiya qilmoqda.





