
Afg‘oniston 330 mln dollarga 261 MWlik energetika loyihalarini boshladi
07.05.2025 | 17:0732273
Afg‘oniston hukumati yurtda elektr energiyasini ishlab chiqarishni oshirish maqsadida 23,7 mlrd afg‘onlik qiymatdagi quyosh, shamol va gaz manbalariga asoslangan yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.

«Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash bo‘yicha 80 tumanda yangi loyihalar uchun tenderlar e’lon qilishini ma’lum qildi. Mavjud loyihalar umumiy qiymati 23,7 mlrd afg‘oniy (330 mln AQSH dollari) bo‘lib, ular xususiy va xalqaro sarmoyadorlarni jalb qilishga qaratilgan.
Eng yirik loyihalar quyidagilardan iborat:
– Kobuldagi Suro‘biy tumanida 22,7 MW va 10 MWlik quyosh elektrostansiyalari,
– Balxda 40 MW, Lag‘monda 10 MW, Hirotda 5 MW quyosh energiyasi,
– Hirotda 43,2 MW shamol stansiyasi,
– Lugorda 40 MW, Nangarhorda 40 MW sanoat hududlari uchun quyosh loyihalari,
– Javuzjondagi Shibirg‘on shahrida 50 MWlik gaz elektr stansiyasi.
DABS ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch yilda 900 MWdan ziyod quvvatga ega loyihalar rejalashtirilgan. Ayni paytda Afg‘oniston 2500–3000 MW energiyaga muhtoj, ammo uning faqat 25 foizi ichki manbalardan, qolgan qismi O‘zbekiston, Turkmaniston va Erondan import qilinadi.
Iqtisodchilar ta’kidicha, elektr energiyasi kafolatli bo‘lmasa, qishloq xo‘jaligi, qazilma boyliklar va ishlab chiqarishda rivojlanish mumkin emas.





