add

Afg‘onistondagi avtobus halokatida 73 nafar deportatsiya qilinganlar o‘ldi

20.08.2025 | 12:3026073

Afg‘onistonning G‘arb hududida yuz bergan yirik yo‘l-transport halokatida 73 kishi, jumladan 17 nafar bola halok bo‘ldi. Ular Erondan majburan qaytarilgan afg‘on muhojirlari ekani tasdiqlandi.

Afg‘onistondagi avtobus halokatida 73 nafar deportatsiya qilinganlar o‘ldi
BBC xabar berishicha, Hirot viloyatida Kobulga yo‘nalgan avtobus yuk mashinasi va mototsikl bilan to‘qnashib, yonib ketgan. Viloyat madaniyat va axborot boshqarmasi rahbari Ahmadulloh Muttaqiy ma’lumoticha, avtobusdagi barcha yo‘lovchilar va boshqa transport vositasidagi ikki kishi nobud bo‘lgan. Viloyat hokimligi matbuot kotibi Muhammad Yusuf Saidiyning aytishicha, barcha yo‘lovchilar Eron chegarasidagi Islomqal’a shahridan avtobusga chiqqan. Hirot politsiyasi halokatga haydovchining ortiqcha tezligi va ehtiyotsizligi sabab bo‘lganini bildirdi. So‘nggi oylarda Eron hujjatsiz afg‘on muhojirlarini deportatsiya qilish sur’atini kuchaytirgan. Rasmiy Tehron iyulga qadar ixtiyoriy chiqish muhlati bergan bo‘lsa-da, iyun oyida Isroil bilan qisqa muddatli urushdan keyin yuz minglab muhojirlar milliy xavfsizlik bahonasida majburan qaytarildi. BMT Qochqinlar agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan beri 1,5 milliondan ziyod afg‘on Erondan chiqib ketgan. Mutahassislar ta’kidlashicha, Afg‘oniston bu qadar katta oqimni qabul qilishga hozir emas. Mamlakat hozirda Pokistondan qaytarilayotgan yuz minglab muhojirlar bilan ham kurashmoqda. «Save the Children Afghanistan» tashkiloti rahbari Arshad Malikning ta’kidlashicha, qaytarilgan bu qadar katta oqim yordam qisqargani bir paytda aholi resurslariga qo‘shimcha bosim yuklamokda.

Teglar

Mavzuga oid