
Aholiga qaytarilgan keshbek 400 milliard so‘mdan oshdi
31.05.2025 | 17:307413
2025 yilning yanvar-aprel oylarida aholiga 412,6 mlrd so‘mlik keshbek to‘lab berildi. Foydalanuvchilar mobil ilovalar orqali qariyb 473 mln chekni ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning dastlabki to‘rt oyida aholiga xaridlar uchun jami 412,6 mlrd so‘m miqdorida keshbek qaytarilgan. Faqatgina aprel oyida 105,6 mlrd so‘mlik keshbek to‘lovi amalga oshirilgan.
Yanvar oyidan aprelgacha 5,4 mln foydalanuvchi Soliq mobil ilovasi orqali 472,6 mlnta chekni ro‘yxatdan o‘tkazgan. Ushbu cheklarning 112,2 mlni aynan aprel oyiga to‘g‘ri kelgan.
Aprel oyida eng ko‘p keshbek Toshkent shahrida qayd etilgan — 42,2 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 11 milliard so‘m, Samarqand viloyati — 7,9 mlrd so‘m, Farg‘ona viloyati — 7,2 mlrd so‘m va Andijon viloyati — 5,1 mlrd so‘m bilan o‘rin olgan.
Yil boshidan buyon esa Toshkent shahrida to‘langan keshbek miqdori 170,5 milliard so‘mga yetgan. Toshkent viloyatida 41,2 mlrd, Samarqand viloyatida 33,8 mlrd, Farg‘ona viloyatida 26,95 milliard va Andijon viloyatida 19,5 mlrd so‘m miqdorida keshbek qaytarilgan.
Qo‘mita ushbu dastur fuqarolarni chek talab qilishga va noqonuniy savdoning oldini olishga undashini ta’kidlamoqda.





