add

Air India samolyoti halokati xalqaro darajada tekshirilmoqda. Asosiy taxminlar ma’lum

19.06.2025 | 08:4523183

Ahmadoboddan Gatvikka uchayotgan Boeing 787 Dreamliner tibbiyot kolleji yonida halokatga uchraganidan so‘ng, ushbu voqea bo‘yicha xalqaro tergov boshlandi. Bu Hindiston tarixidagi eng dahshatli aviafalokatlardan biri deya ta’riflanmoqda.

Air India samolyoti halokati xalqaro darajada tekshirilmoqda. Asosiy taxminlar ma’lum
Air India aviakompaniyasiga tegishli Boeing 787 Dreamliner samolyoti halokatga uchrab, kamida 279 kishining hayotiga zomin bo‘lgan edi. Samolyot Ahmadobod shahridan ko‘tarilib, Buyuk Britaniyaning Gatvik aeroportiga yo‘l olgan va tibbiyot kolleji yotoqxonasi yaqinida yerga qulagan. Hindiston aviahalokatlarni tergov qilish byurosi Buyuk Britaniya, AQSH va samolyot ishlab chiqaruvchi Boeing kompaniyasi bilan hamkorlikda halokat sabablarini o‘rganmoqda. Aviatsiya mutaxassisi Amit Singhning aytishicha, uchuvchilar kabinasidagi ovoz yozuvlari va parvoz ma’lumotlari hal qiluvchi dalil bo‘ladi. Shu bilan birga, videokuzatuv kadrlari, guvohlar bayonotlari va uchuvchilarning tayyorgarlik materiallari ham tekshirilmoqda. Amit Singh maxsus urg‘u bergan jihat — samolyotning ortiqcha yuki bo‘lib, bu dvigatellar ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Aviatsiya vaziri Ram Mohan Naydu Kinjarapu esa ikki dvigatelning bir vaqtda ishdan chiqishiga shamolning keskin o‘zgarishi yoki qushlar bilan to‘qnashuv sabab bo‘lganini istisno etmadi. Hindiston hukumati tergov uchun alohida komissiya tuzdi. Ayni paytda Air India parkidagi barcha 33 ta Dreamliner samolyoti texnik ko‘rikdan o‘tkazilayotgani ma’lum qilindi. Bu hodisa Boeing-787 tarixida sodir bo‘lgan ilk halokat sifatida qayd etilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid