
Air India'ning yana bir samolyoti yonib ketdi
Hongkongdan Nyu-Dehliga uchgan Air India’ga tegishli Airbus A321 samolyoti qo‘nganidan so‘ng yong‘in yuz berdi. Elektr generatori yongan laynerdagi barcha yo‘lovchilar xavfsiz ravishda evakuatsiya qilingan, deb xabar berdi Reuters agentligi.

Air India aviakompaniyasi 22 iyul kuni Nyu-Dehli xalqaro aeroportida uchib kelgan samolyotida yong‘in yuz berganini ma’lum qildi. Samolyot qo‘nganidan keyin undagi yordamchi energiya blogi — APU yonib ketgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in uskunaning avtomatik o‘chishi bilan nazoratga olingan.
Hodisa yo‘lovchilar samolyotdan tushayotgan vaqtda ro‘y bergan. Barcha yo‘lovchilar xavfsiz ravishda evakuatsiya qilingan. Ammo Air India samolyotga yetkazilgan zarar xususida aniq ma’lumot bermagan.
Yordamchi energiya qurilmasi (APU) asosan samolyot yerga qo‘nganda ishlaydi va asosiy dvigatellar yoqilishini hamda muhim tizimlarni quvvat bilan ta’minlashni amalga oshiradi. Mazkur hodisadan so‘ng aviakompaniya samolyotni vaqtincha parvozdan olib, tekshiruv uchun yerda qoldirdi.
Air India bu voqea haqida Hindiston aviatsiya regulyatorini xabardor qilgan.
Air India so‘nggi paytlarda aviatsiya xavfsizligi borasida jiddiy tanqidlarga uchragan. Joriy yil iyun oyida Axmadobod shahridagi halokatli aviahalokatda aviakompaniyaga tegishli samolyot halok bo‘lgan 260 kishi bilan yonib ketgan edi.





