
Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarib yuborgan sudyalar ishdan olindi
Akmal Shukurovni ozodlikka chiqargan Toshkent shahar sudi sudyalari va rais o‘rinbosari prezident farmoyishi bilan lavozimidan ozod etildi.

Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarib yuborgan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha 3 nafar sudyasi va Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Bu ma’lumotni Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov Vaqt.uz’ga tasdiqladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 25-dekabrdagi farmoyishiga muvofiq Mirzajonov Murodjon Kodirovich– yozma arizasiga binoan hamda odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 79-moddasi 1-qismining 2,10-bandlariga asosan sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, Sudyalar oliy kengashi qaroriga muvofiq, yozma arizasiga binoan hamda odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun O‘zbekiston «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonuni 79-moddasi 1-qismining 2,10-bandlariga asosan Turgunova Muxtarama Maxamadaliyevna, Ilxomjonov Odilbek Ilxomjon o‘g‘li hamda Abidov Mirziyod Mirdjololitdinovichlarning sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimidan ozod etilgan.
O‘z navbatida, Farhodjon Boqijonovich G‘aniyev Murodjon Mirzajonov o‘rniga Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlangan. U shu vaqtgacha Andijon viloyat sudi raisi lavozimida ishlayotgandi.
Murodjon Abduqohorovich Ababakirov esa Andijon viloyat sudi raisi o‘rinbosari ‒ jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Akmal Shukurovning jinoiy o‘tmishi bir necha og‘ir jinoyatlarni qamrab olgan bo‘lib, u 2022 yilda fuqaro I.Sh.ning ishonchiga kirib, Germaniyadan mikroavtobuslar yetkazib berish va’dasi bilan 215 ming yevro mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u poytaxtdagi ko‘ngilochar maskanlarda tizimli ravishda bezorilik qilib kelgan: 2024 yilda «Bootlegger» kafesida tanishini do‘pposlagan bo‘lsa, 2025 yilning martida «The Tower» mehmonxonasi yonida ayol kishiga tegajog‘lik qilib, uni himoya qilmoqchi bo‘lgan fuqaro B.ning yuziga kuchli zarba bergan. Oqibatda jabrlanuvchi og‘ir bosh miya jarohati bilan sun’iy koma holatiga tushib, murakkab operatsiyani boshdan kechirgan, Shukurov esa voqea joyidan qochib, Qozog‘istonda qo‘lga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingandi. Akmal Shukurovga JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24-oktabrdagi hukmi bilan 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.
Akmal Shukurovga JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktabrdagi hukmi bilan 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, biroq Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi 9-dekabr kuni jazoni 4 yil 1 oy ozodlikni cheklashga almashtirib, uni sud zalidan ozod qilgan. Keyinchalik, 18-dekabrda Toshkent shahar prokuraturasining protesti asosida ish taftish instansiyasida qayta ko‘rib chiqilib, Shukurov 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va qamoqqa qaytarilgan, shuningdek, ishni apellyatsiyada ko‘rgan sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangandi. Bugun ular lavozimidan ozod etildi.





