add

Antoniu Guterrish: «Isroil va Falastin 1967 yilgi chegaralar asosida yashashi kerak»

23.09.2025 | 15:004574

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish tashkilot tamoyillari bugungi kunda hech qachon bo‘lmagan darajada tahdid ostida ekanini ta’kidladi.

Antoniu Guterrish: «Isroil va Falastin 1967 yilgi chegaralar asosida yashashi kerak»
Guterrishning ta’kidlashicha, G‘azo, Ukraina, Sudan va boshqa mintaqalardagi qon to‘kishlar va mojarolar xalqaro huquq normalari hamda BMT nizomi prinsiplarini jiddiy ravishda buzmoqda. U BMT tuzilganining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan Bosh Assambleya yig‘ilishida tinchlik bugun dunyoda eng katta ehtiyoj ekanini aytdi.
«Tinchlik — eng zarur va amaliy maqsad. Ammo BMT nizomi prinsiplariga hozirchalik hech qachon bo‘lmagan darajada hujum qilinmoqda», — dedi bosh kotib.
U o‘z nutqida global qashshoqlik kuchaygani, iqlim o‘zgarishlari tobora chuqurlashgani va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sustlashganini qayd etdi. Falastin masalasiga to‘xtalib, Guterrish «Falastinliklar uchun davlat — bu mukofot emas, bu ularning haqqi. Davlat tuzishni uddalay olmaslik dunyo bo‘ylab ekstremistlarga sovg‘a bo‘ladi», deb ta’kidladi. Guterrish G‘azodagi fojiani har soat yomonlashib borayotgan, huquqiy, siyosiy va axloqiy jihatdan qabul qilib bo‘lmaydigan holat sifatida baholadi. U bombardimonlar, qama va ochlikni qoralab, zudlik bilan doimiy otishmalarni to‘xtatishga chaqirdi.
«Ikki davlat yechimidan boshqa yo‘l yo‘q. Isroil va Falastin 1967 yilgi chegaralar asosida, xavfsiz va xalqaro tan olingan hududlarda tinchlikda yashashi kerak», — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, AQSH anchadan beri falastinliklar va isroilliklar ikki davlatli yechim yuzasidan kelishib olgandan so‘ng Falastin davlatini tan olishga tayyor ekanini bildirib keladi. Bu yechim Isroil bilan qo‘shni bo‘lgan, G‘arbiy sohil, Sharqiy Quddus va G‘azo sektorida joylashgan mustaqil Falastin davlatini ko‘zda tutadi. Ya’ni, 1967 yilgi arab-isroil urushigacha mavjud bo‘lgan chegaralarga mos.

Teglar

Mavzuga oid