
Apple iPhone’ni tugmalarsiz ishlab chiqarish ustida ish olib bormoqda
31.05.2025 | 20:3147493
Apple kelajakdagi iPhone, iPad va Apple Watch qurilmalarida jismoniy tugmalar o‘rniga taktil aloqa beruvchi tugmalardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu yangilik qurilmalardagi tugmalarning beixtiyor bosilib ketishlariga barham beradi va mustahkamligini oshirishga xizmat qiladi.

Apple kompaniyasi qurilmalardagi tugmalarni to‘liq yo‘q qilish orqali yangi avlod iPhone va boshqa qurilmalarni mexanik shikastlanishdan himoya qilishni maqsad qilmoqda. Bu haqda MacRumors nashri Xitoy manbalariga tayanib xabar berdi.
Kompaniya tomonidan ishlab chiqilayotgan yangi turdagi tugmalar — qattiq jismli taktil tugmalar — foydalanuvchi bosim darajasiga qarab, turlicha reaksiya berishi mumkin. Ularning yordamida yengil va qattiq bosish farqlanadi, bu esa foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Apple avval ham bunday texnologiyani iPhone uchun sinab ko‘rgan, biroq turli texnik muammolar sabab loyiha vaqtincha to‘xtatilgan edi. Xususan, «yolg‘ondakam bosilishlar» — tugmalarning aniq javob bermasligi masalasi loyihani kechiktirgan asosiy omil sifatida ko‘rsatilmoqda.
Xitoylik insayderning nashrga ma’lum qilishicha, Apple hozirda tugmalarni qurilmaning metall korpusi bilan integratsiya qilish ustida ishlamoqda. Bu esa an’anaviy mexanik tugmalarning hissini takrorlashga harakat sifatida baholanmoqda.
Texnologiya yaqin yillarda foydalanuvchilarga taqdim etilishi mumkin, chunki Apple uni Apple Watch va iPad qurilmalarida ham sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bunday yangilik qurilmalarni suv kirishi va changlardan yaxshiroq himoya qilishi mumkin.





