add

Apple, Meta va Google — O‘zbekistonda IT-kompaniyalar qancha soliq to‘ladi?

30.01.2026 | 14:551 daqiqa

2025 yilda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy IT-kompaniyalar soliq tushumlari keskin oshib, bozorda yirik texnologik korporatsiyalar ustunligi yanada mustahkamlandi.

Apple, Meta va Google — O‘zbekistonda IT-kompaniyalar qancha soliq to‘ladi?

2025 yil yanvar–dekabr oylarida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy IT-kompaniyalar tomonidan jami 181,3 mlrd so‘m soliq to‘langan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 50 foizga o‘sgan. Ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 78 ta xorijiy kompaniya soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Jami tushumning 93,05 foizi esa atigi 10 ta yirik kompaniya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu holat O‘zbekiston raqamli bozorida soliq tushumlari asosan global texnologik korporatsiyalar hisobiga shakllanayotganini ko‘rsatadi.

Eng ko‘p soliq to‘lagan kompaniya

Reytingda birinchi o‘rinni Apple egallab, 49,5 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Ikkinchi o‘rinda 49 mlrd so‘m bilan Meta joylashgan. Uchinchi o‘rinni esa 44,4 mlrd so‘m soliq to‘lovi bilan Google band etgan.

Shuningdek, OpenAI 11,7 mlrd so‘m, Booking.com 4,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan. O‘zbekistonda faoliyati cheklangan holatda bo‘lgan TikTok ham 3,5 mlrd so‘m soliq to‘lagani qayd etildi.

Qolgan yirik to‘lovchilar qatorida Netflix — 1,8 mlrd so‘m, Acca — 1,6 mlrd so‘m, Xsolla — 1,5 mlrd so‘m va Amazon — 1,4 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Ushbu raqamlar xorijiy raqamli xizmatlar bozorida soliq intizomi va davlat budjetidagi ulush yil sayin oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid