add

«Apple Pay» va «Google Pay» O‘zbekistonga kirishi uchun qonunga tuzatish kiritilmoqda

Qonunchilik palatasi xalqaro to‘lov tizimlarini mamlakatda joriy etilishi uchun tegishli qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni ma’qulladi.

«Apple Pay» va «Google Pay» O‘zbekistonga kirishi uchun qonunga tuzatish kiritilmoqda

20-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Qonunchilik palatasi «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritiladigan tuzatishlarni birinchi o‘qishda qabul qildi. Ushbu o‘zgartishlar ayrim toifadagi shaxsiy ma’lumotlarni chet elda qayta ishlash va saqlash imkoniyatini yaratib, xalqaro raqamli to‘lov tizimlarini O‘zbekiston bozoriga kiritishga xizmat qiladi.

Raqamli to‘lov tizimlari uchun huquqiy asos

Majlisda ta’kidlanishicha, mamlakatda moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish va raqamli iqtisodiyotni jadallashtirish davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Shu bois, xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish uchun amaldagi qonunchilikni zamon talablariga moslashtirish zarur deb topildi.

Ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha yangi yondashuv

Qonun loyihasida O‘zbekiston hududida majburiy tarzda saqlanishi lozim bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar turlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Ayni paytda, ayrim ma’lumotlarni chet elda qayta ishlash va saqlashga ruxsat berish uchun xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro standartlarga rioya qilish hamda vakolatli organlar talablarini bajarish shartlari joriy etiladi.

Investitsiya va turizmga ta’sir

Deputatlar fikricha, mazkur tuzatishlar «Apple Pay» va «Google Pay» kabi global to‘lov tizimlarini jalb qilish, investitsiya muhitini yaxshilash va raqamli xizmatlar bozorini kengaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, bu sayyohlar va fuqarolar uchun zamonaviy to‘lov imkoniyatlarini yaratadi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSH kompaniyalari bilan uchrashuvda «Apple Pay» va «Google Pay»ni ishga tushirish, raqamli akademiyalar hamda startap-xablar tarmog‘ini yaratilishini ta’kidlagandi.

Teglar

Mavzuga oid

«Apple Pay» va «Google Pay» O‘zbekistonga kirishi uchun qonunga tuzatish kiritilmoqda | Vaqt.uz