
Apple Xitoyda birinchi marta do‘konini yopadi
30.07.2025 | 14:4513282
Apple Xitoydagi iste’mol bozoridagi raqobat kuchayishi sababli 2015 yilda ochilgan Shenjen shahridagi Parkland Mall savdo markazidagi do‘konini 9 avgust kuni yopishini ma’lum qildi. Bu Apple brendi uchun mamlakatda do‘kon yopish bilan bog‘liq birinchi voqeadir.

Kompaniya vakillari bildirishicha, mazkur qaror Parkland Mall’dan bir qator taniqli brendlarning chiqib ketgani va umumiy savdo ko‘rsatkichlarining pasayishi bilan bog‘liq. Shu paytgacha Michael Kors, Armani, Coach va Hugo Boss kabi do‘konlar ham bu yerdagi faoliyatini to‘xtatgan.
Apple kompaniyasi uchun Xitoy AQSHdan keyingi ikkinchi yirik bozor hisoblanadi. Ammo so‘nggi olti chorak davomida kompaniyaning Xitoydagi savdosi izchil kamaymoqda. 2023 yilda Apple’ning mintaqadagi umumiy daromadi 66,95 mlrd dollarni tashkil qildi, bu esa 2022 yildagi 74,2 mlrd dollarlik rekord darajadan 10 foizga kam.
Hozirgi pasayish asosan mahalliy Huawei, Xiaomi va Vivo kompaniyalarining faol yurishlari fonida sodir bo‘lmoqda. Counterpoint Research ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Apple’ning Xitoydagi smartfon bozoridagi ulushi 17,9 foizdan 15,5 foizgacha qisqargan.
Apple vakili Brayan Bamberi do‘kon yopilishiga izoh berib, bu qaror markazdagi cheklangan faoliyat imkoniyatlari va savdo nuqtalari soni kamayishi sababli qabul qilinganini ta’kidladi.





