Logo

«Apple» yana dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi

Kecha 09:452 daqiqa

Kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi 4,9 trillion dollarga yetdi.

«Apple» yana dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi © yahoo.com

«Apple» kompaniyasi bozor kapitalizatsiyasi bo‘yicha «Nvidia»ni ortda qoldirib, yana dunyodagi eng qimmat ommaviy kompaniyaga aylandi.

Kompaniyaning bozor qiymati 4,9 trillion dollarga yetgan bo‘lsa, aksiyalari biroz arzonlashgan «Nvidia»ning kapitalizatsiyasi 4,8 trillion dollarga tushdi.

Yil boshidan buyon «Apple» aksiyalari 20 foizdan ortiq qimmatlashgan. Shu davrda «Nvidia» aksiyalari ham o‘sgan bo‘lsa-da, ularning o‘sish sur’ati 10 foizdan kam bo‘lgan.

«Reuters» agentligining ta’kidlashicha, bu o‘zgarish investorlar kayfiyatidagi muhim burilishni ko‘rsatadi. Endi sarmoyadorlar faqat sun’iy intellekt bumidan foyda ko‘rayotgan kompaniyalarga emas, balki boshqa istiqbolli texnologiya bizneslariga ham faolroq sarmoya kiritmoqda.

Investorlar nima uchun «Apple» ni tanlamoqda?

«BRI Wealth Management» investitsiyalar bo‘limi rahbari Toni Medousning fikricha, avval «Apple» sun’iy intellekt poygasida raqobatchilaridan ortda qolgan bo‘lsa, hozirda vaziyat o‘zgargan.

Uning ta’kidlashicha, kompaniya sun’iy intellektni rivojlantirishga raqobatchilarga nisbatan kamroq mablag‘ sarflasa-da, ekotizimi, pullik servislari va qurilmalarni muntazam yangilash hisobiga barqaror daromad olish imkoniyatiga ega.

Ekspertga ko‘ra, «Apple» aksiyalarining o‘sishi sun’iy intellekt atrofidagi qisqa muddatli qiziqish emas, balki kompaniyaning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi.

«Apple» tarixiy rekordlarni yangilamoqda

«Apple» ilk bor 2011 yil avgustida bozor kapitalizatsiyasi bo‘yicha dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylangan edi. 2016 yilda u bu maqomni vaqtincha «Alphabet»ga boy bergan.

2018 yil avgust oyida «Apple» bozor qiymati 1 trillion dollardan oshgan ilk ommaviy kompaniya sifatida tarixga kirgan. 2024 yilda esa sun’iy intellekt uchun chiplarga talab keskin oshishi ortidan «Nvidia» birinchi o‘ringa chiqqan edi. Endi esa «Apple» yana global reytingda yetakchilikni qaytarib olmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

«Apple» yana dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi | Vaqt.uz