
AQSH 2026 yildan dollar banknotlarini yangi dizaynda chiqara boshlaydi
AQSH 2026 yildan boshlab dollar banknotlarini to‘liq yangilaydigan yirik dasturni boshlayapti. Yangi banknotlar xavfsizlikni oshirish va dollarning global mavqeini mustahkamlashga qaratilgan.

AQSH o‘z milliy valyutasi uchun keyingi o‘n yillikda amalga oshiriladigan eng yirik modernizatsiya dasturini boshladi. Gravirovka va chop etish ishlari byurosi (BEP) ning ma’lum qilishicha, yangilangan banknotlar xavfsizlikni kuchaytirish, dollarning dunyodagi yetakchi zaxira valuta sifatidagi maqomini saqlash va zamonaviy qalbakilashtirish texnologiyalariga qarshi turish maqsadida joriy etilmoqda.
Dastlabki tartibga ko‘ra, birinchi bo‘lib 10 dollarlik banknota ishlab chiqiladi va 2026 yilda muomalaga kiritiladi. Keyingi bosqichlarda 50 dollar (2028), 20 dollar (2030), 5 dollar (2032) va nihoyat 100 dollarlik banknota (2034) yangilanadi. Ushbu ketma-ketlik ACD qo‘mitasi tomonidan belgilab berilgan bo‘lib, u avvalo qalbakilashtirish xavfi eng yuqori bo‘lgan kupyuralarni modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi.
Islohot dizayndegi o‘zgarishdan ko‘ra xavfsizlikni ustuvor qiladi. AQSH hukumati banknotalarning tashqi ko‘rinishini hozircha oshkor qilmayapti: rasmiy taqdimot har bir kupyura chiqishidan 6–8 oy oldin bo‘ladi. Bu chora qalbaki pul tayyorlovchilarga vaqt bermaslik va bozordagi noaniqliklarni oldini olishni maqsad qiladi.
Yangilangan banknotalarda hozirgi kunda foydalanilmayotgan, laboratoriyalarda o‘n yildan ziyod vaqt davomida sinovdan o‘tkazilgan noyob himoya funksiyalari bo‘ladi. Ular orasida ko‘z bilan ko‘rinadigan va yashirin elementlar, maxsus materiallar, yuqori darajadagi mikrobosma texnologiyalari va yangi optik effektlar ham bor.
Muomalaga kiritishga tayyorgarlikning eng muhim bosqichi — global infratuzilmani yangilash. Dunyoda dollar bilan ishlaydigan 10 milliondan ortiq bankomat, terminal va hisoblash uskunalari mavjud. Shu bois BEP banklar va texnik xizmat ko‘rsatuvchilarga namunaviy banknotalarni oldindan taqdim etadi. Bu yangi dollarni birinchi kunyoq butun tijorat tizimida aniq va xatosiz tanilishiga xizmat qiladi.
Yangilanish atrofida yana bir intriga mavjud: 20 dollarlik banknotada Garriyet Tabmen tasviri paydo bo‘lishi mumkinligi yuzasidan muhokamalar davom etmoqda, ammo hukumat bu masalada ham hozircha ma’lumot bermayapti.





