add

AQSH 30 dan ortiq mamlakat fuqarolariga sayohat taqiqini joriy etmoqchi

Bugun 13:252412 daqiqa

Vashington migratsiya xavfsizligini kuchaytirish maqsadida viza va sayohat cheklovlari qo‘llaniladigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

AQSH 30 dan ortiq mamlakat fuqarolariga sayohat taqiqini joriy etmoqchi

AQSH 30 dan ortiq mamlakat fuqarolariga nisbatan sayohat va viza cheklovlarini joriy etishi mumkin. Bu haqda Milliy xavfsizlik vaziri Kristi Noyem 4-dekabr kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, prezident Donald Tramp ma’muriyati cheklovlar qo‘llaniladigan mamlakatlar sonini 32 tagacha oshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Yangilanishi kutilgan tartib ham immigrantlar, ham immigrant bo‘lmaganlarga — sayohatchilar, talabalar va biznes vakillariga teng ravishda tatbiq etiladi.

Vazirning aytishicha, ro‘yxatdagi mamlakatlar aniq soni hali belgilanmagan, ammo davlatlarni baholash jarayoni davom etmoqda. U cheklovlar qo‘yilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarni tilga olmagan, biroq asosiy sabablarni tushuntirgan. Noyemga ko‘ra, agar biror davlatda barqaror hukumat bo‘lmasa yoki u o‘z xavfsizligini ta’minlay olmasa, AQSH unday mamlakat fuqarolarining kelishiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etishi kerak.

Ma’lumot uchun, iyun oyida prezident Tramp 12 ta mamlakat fuqarolarining AQSHga kirishini to‘liq taqiqlovchi, yana 7 mamlakat uchun cheklovlar o‘rnatuvchi farmonni imzolagandi. Ushbu choralar «xorijiy terroristlar» va boshqa xavfsizlik xatarlaridan himoya maqsadida qabul qilingan.

Ro‘yxatning yana kengayishiga o‘tgan hafta Oq uy yaqinida ikki nafar Milliy gvardiyachi otib o‘ldirilgani ham ta’sir ko‘rsatgan. Mazkur hodisadan so‘ng Tramp migratsiya siyosatini yanada qattiqlashtirishi haqida ma’lum qildi. Shuningdek, bir necha kun avval 19 mamlakat fuqarolarining AQSHga doimiy yashash uchun ariza qabul qilish jarayonlari ham vaqtinchalik to‘xtatilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH 30 dan ortiq mamlakat fuqarolariga sayohat taqiqini joriy etmoqchi | Vaqt.uz