
AQSH 39 nafar o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi
08.09.2025 | 16:4547532
Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston hukumatining deportatsiya jarayonlaridagi yaqin hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

Kecha, 7 sentyabr kuni AQSH hukumati mamlakatda qonuniy qolish huquqiga ega bo‘lmagan 39 nafar o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
«Ushbu parvoz AQSH o‘z chegaralarini mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan davomli harakatlar tizimining navbatdagi qismi hisoblanadi. AQSH noqonuniy immigratsiyaga barham berish, mamlakat chegaralari va fuqarolarini himoya qilishga qat’iy bel bog‘lagan. AQSHga noqonuniy kirib kelganlar qamaladilar va deportatsiya qilinadilar», - deyiladi xabarda.
Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston hukumatiga AQSHning deportatsiya jarayonlarini amalga oshirishdagi yaqin hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi.
AQSHda noqonuniy bo‘lgan odamlarni mamlakatdan chiqarib yuborish harakatlari prezident Donald Tramp hokimiyatga kelganidan keyin kuchaydi.





