AQSH–Eron keskinligi xavotirlari fonida neft narxi oshdi

Kecha 10:552 daqiqa

Tramp Netanyahu bilan muzokaralarda Eron bo‘yicha kelishuvga erishilmaganini aytdi. Biroq xavotirlar saqlanib qolgan va shuning uchun ham neft narxi ko‘tarildi.

AQSH–Eron keskinligi xavotirlari fonida neft narxi oshdi

Bugun, 12-fevral tongida neft narxlari biroz ko‘tarildi. Investorlar AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchayishi mumkinligidan xavotirda, chunki Tehronga yoki dengizdagi yuk tashish yo‘llariga har qanday hujum ta’minot uzilishlariga olib kelishi mumkin. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

«Brent» markali neft fyucherslari 27 sentga, ya’ni 0,39 foizga oshib, barreli 69,67 dollarga yetdi. AQSHning «West Texas Intermediate» (WTI) nefti esa 29 sentga, yoki 0,45 foizga ko‘tarilib, barreli 64,92 dollarni tashkil etdi.

11-fevral kuni har ikki etalon ham yuqoriroq yopildi. «Brent» fyucherslari 0,87 foizga, WTI esa 1,05 foizdan ortiqqa o‘sdi. Bu AQSHdagi neft zaxiralari oshganiga qaramay, investorlarning AQSH–Eron munosabatlaridagi keskinlikka oid xavotirlari ustun kelgani bilan izohlanadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 11-fevral kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng, Eron bo‘yicha keyingi qadamlar yuzasidan «aniq» kelishuvga erishilmaganini aytdi, biroq Tehron bilan muzokaralar davom etishini ta’kidladi.

10-fevral kuni esa Tramp, agar Eron bilan kelishuvga erishilmasa, Yaqin Sharqqa ikkinchi avianosetsni yuborish imkonini ko‘rib chiqayotganini bildirdi. Bu paytda Vashington va Tehron muzokaralarni qayta boshlashga tayyorlanayotgan edi.

AQSHda neft zaxiralari oshdi

O‘tgan hafta AQSH va Eron diplomatlari Ummonda bilvosita muzokaralar o‘tkazdi. AQSH–Eron o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar sanasi va joyi hali e’lon qilingani yo‘q.

IG tahlilchisi Toni Saykamorning aytishicha, WTI uchun 65–66 dollar darajasidan barqaror yuqori chiqish Yaqin Sharqdagi yanada kuchli keskinlikni talab qiladi, aksincha, vaziyat yumshasa, foydani qayd etish tezda narxlarni 60–61 dollar atrofiga qaytarishi mumkin.

AQSH Mehnat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida mamlakatda ish o‘rinlari soni kutilmagan darajada tez o‘sdi, ishsizlik darajasi esa 4,3 foizga tushdi. Bu iqtisodiyot sog‘lom ekanini ko‘rsatadi.

«Barqaror AQSH iqtisodiyoti neftga bo‘lgan talab bo‘yicha kutilmalarni ham qo‘llab-quvvatlamoqda», – dedi «China Futures» kompaniyasining energetika va kimyo sohalari bo‘yicha bosh tadqiqotchisi Minyuy Gao.

Shu bilan birga, AQSHda neft zaxiralarining keskin ko‘payishi narxlar o‘sishini chekladi. Energetika axborot ma’muriyati (EIA) ma’lum qilishicha, o‘tgan hafta AQSH neft zaxiralari 8,5 million barrelga oshib, 428,8 million barrelga yetdi. Bu «Reuters» so‘rovidagi tahlilchilar kutgan 793 ming barrellik o‘sishdan ancha yuqori.

«Biroq yil boshidan beri jahon neft zaxiralari bo‘yicha o‘sish, odatda, kutilganidan past bo‘lmoqda, shuningdek, xorijiy neft fyucherslari va opsionlaridagi «netto uzun pozitsiyalar» hali ortiqcha og‘ir darajaga yetmagan», – dedi Gao.

Uning aytishicha, neft narxlari yuqori tomonga moyil bo‘lib qolishi mumkin, bunda AQSH–Eron vaziyati, Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarning kuchayishi va eksport qisqarishi bo‘yicha kutilmalar qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid