
AQSH G‘azoliklarga viza berishni to‘xtatdi
17.08.2025 | 11:0012844
AQSH Davlat departamenti 16 avgustdan boshlab G‘azo aholisiga viza berish jarayonini vaqtincha to‘xtatdi. Qarorning sababi ochiqlanmadi.

Fox News xabariga ko‘ra, davlat departamenti ham, davlat kotibi Marko Rubio ham qaror ortidagi omillarga izoh bermadi. Baynotda ta’kidlanishicha, viza berish jarayoni to‘liq qayta ko‘rib chiqilayotgani, hatto so‘nggi kunlarda berilgan tibbiy va gumanitar maqsadli vizalar ham tekshiruvdan o‘tayotgani ma’lum qilindi.
Tramp ma’muriyati iyun oyidan boshlab viza olish tartibini murakkablashtirgan edi. Yangicha talablarga ko‘ra, har bir murojaatchining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati ham sinchiklab o‘rganiladi. Davlat departamenti o‘shanda «har bir viza — bu milliy xavfsizlik qarori» ekanini va AQSH manfaatlariga tahdid solishi mumkin bo‘lgan shaxslarga mamlakatga kirish ruxsat etilmasligini bildirgan.
Shu kabi cheklovlar Yevropada ham kuzatilmoqda. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan Noel Barro avgust boshida G‘azodan evakuatsiya jarayoni to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bu qarorga mamlakatdagi falastinlik talabalardan biri internetda Adolf Gitler suratini joylab, yahudiylarga qarshi da’vat tarqatgan holat sabab bo‘lgan. Keyinchalik talaba Nur Attaallax Fransiyadan chiqib, Qatarga ketgani haqida xabar berildi.
Reuters agentligining Falastin markaziy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, G‘azo aholisi 2023 yil oktyabrda boshlangan Isroil–HAMAS urushi ortidan 6 foizga kamaygan. Bu ko‘rsatkichga taxminan 100 ming nafar G‘azodan qochgan falastinliklar ham kiradi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH vizasi uchun 15 ming dollargacha garov puli joriy etilishi haqida xabar bergan edik. Bu qadam viza muddatini buzish holatlari yuqori bo‘lgan mamlakatlarga nisbatan qo‘llanishi mumkin. O‘zbekiston aynan shunday davlatlar sirasiga kiradi.





