
«AQSH iqtisodiyoti bojlarsiz halokatga uchraydi» — Tramp
AQSH prezidenti Donald Trampning ta’kidlashicha, agar AQSH import bojlarini samarali qo‘llay olmasa, mamlakat iqtisodiy jihatdan omon qololmaydi. U buni milliy iqtisodiyotni himoya qilishning yagona yo‘li deb atadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social orqali qilgan bayonotida mamlakat iqtisodiyotini saqlab qolish uchun import tovarlariga nisbatan bojlar joriy etish muhimligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, agar boshqa davlatlar AQSHga boj qo‘llashda davom etsa, ammo Amerika javob choralarini ko‘ra olmasa, mamlakat iqtisodiy halokatga yuz tutadi.
Trampning aytishicha, aynan savdo tariflari orqali Amerika iqtisodiyoti rivojlanmoqda va «gullab-yashnamoqda». U, shuningdek, agar sudlar joriy etilgan bojlarni bekor qilsa, bu AQSHni «aksilamerikancha» iqtisodiy bosimga olib kelishi mumkinligini aytdi.
2024 yil may oyida AQSH Xalqaro savdo sudi Trampning ayrim bojlarini noqonuniy deb topib, bekor qilgan edi. Shundan so‘ng Oq uy bu qarorga apellyatsiya berib, vaqtincha bojlarni tiklashga erishdi.
Prezidentlikka qaytishi bilan Tramp boj siyosatiga jiddiy e’tibor qarata boshladi. 1 fevralda u Meksika va Kanadadan keladigan tovarlarga 25 foiz, Xitoydan keladigan tovarlarga esa 10 foiz boj joriy etdi. Keyinchalik esa global boj 10 foiz etib belgilanib, keyin yana 90 kunga kechiktirildi.
Xitoy bilan muzokaralar natijasida may oyida ikki tomon bojlarni pasaytirishga kelishdi. AQSH xitoy tovarlariga bojlarni 145 foizdan 30 foizgacha, Xitoy esa 125 foizdan 10 foizgacha tushirishga rozi bo‘ldi.
Yevropa Ittifoqi tovarlariga 50 foizlik boj joriy etish rejasi esa 9 iyulgacha kechiktirilgan.
Shu bilan birga, Tramp davrida moliyaviy bozorlarda an’anaviy tendensiyalar ham o‘zgarmoqda. Hukumat obligatsiyalari daromadliligi o‘sganiga qaramasdan, dollar indeksi pasaydi — bu odatda rivojlanayotgan davlatlarda kuzatiladigan holat hisoblanadi.





