AQSH, Isroil va Eron urushi: 19-kun voqealari

Bugun 07:555 daqiqa

Isroil Eron xavfsizlik xizmati rahbari Ali Lorijoniy va «Basij» qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniyni o‘ldirdi. Rasmiy Tehron esa bu uchun qasos olishga va’da berdi.

AQSH, Isroil va Eron urushi: 19-kun voqealari

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi 19-kunga qadam qo‘yar ekan, Tehron Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘lgan Xavfsizlik xizmati rahbari Ali Lorijoniy hamda «Basij» ko‘ngillilar qo‘shini qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniy uchun qasos olishga va’da berdi. Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy Tehronning siyosiy tizimi mustahkam bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Ramat-Ganda ikki kishining hayotiga zomin bo‘lgan zarbadan so‘ng, Eron Isroilga nisbatan yangi hujumlarni amalga oshirdi. Mazkur zarbalar natijasida infratuzilmaga jiddiy moddiy zarar yetkazilgani qayd etildi.

Mojaro mintaqa bo‘ylab tobora kengayib bormoqda. Eron va unga ittifoqchi guruhlar Fors ko‘rfazi davlatlariga raketa va dronlar uchirdi; Saudiya Arabistoni, Quvayt va Iordaniyada hujumlar qayd etilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham siyosiy keskinlik ortib bormoqda. Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha yuqori lavozimli mulozim Jo Kent: «Biz bu urushni Isroil va uning Amerikadagi qudratli lobbisi bosimi ostida boshladik», deya iste’foga chiqdi.

Shuningdek, prezident Donald Tramp NATOdagi ittifoqchilari va hamkorlarini Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi nazoratini jilovlashda yetarlicha harbiy yordam ko‘rsatmayotgani uchun tanqid qildi.   

Erondagi vaziyat

· Yuqori martabali rahbarlarning o‘limi: Tehron ikki muhim shaxs — xavfsizlik xizmati rahbari Ali Lorijoniy va «Basij» qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniyning vafoti munosabati bilan motam tutmoqda. Ular Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘ldi. Ularning o‘limi Eron davlat tizimi uchun og‘ir zarba bo‘ldi.

· Siyosiy oqibatlar: Lorijoniy muzokaralar olib borish qobiliyatiga ega, tajribali va vazmin siyosatchi sifatida tanilgan edi. U urush boshlanishidan oldin yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarga boshchilik qilgan. Tahlilchilarning fikricha, Isroilning uni o‘ldirishdan maqsadi urushni tugatishga qaratilgan diplomatik yo‘llarni yopish bo‘lishi mumkin.

· Eronning javob zarbalari: Zarbalarga javoban Eron Isroil markaziga hujum uyushtirdi.

· Eron Tashqi ishlar vaziri Araqchiy «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida mintaqani qamrab olgan urush uchun AQSHni mas’ul deb atadi. U tinch aholini nishonga olishni qoralab, AQSHning Fors ko‘rfazi bo‘ylab harbiy ishtiroki keskinlashuvni muqarrar qilishini aytdi.

· Eron Isroilning «Mossad» razvedka agentligi uchun josuslik qilishda ayblangan shaxsni qatl etdi. Bu haqda «Tasnim» yarim rasmiy axborot agentligi xabar berdi.

· Jahon chempionati: FIFA urush davom etayotganiga qaramay, Eronning o‘z o‘yinlarini AQSHdan Meksikaga ko‘chirish haqidagi iltimosini rad etdi va JCH-2026 o‘yinlari jadval bo‘yicha o‘tishini bildirdi.

· Ho‘rmuz bo‘g‘ozida harakat qayta tiklanmoqda: Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tijorat kemalarining o‘tishiga qisman ruxsat bermoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 16-mart kuni Eronga tegishli bo‘lmagan sakkizta kema bo‘g‘ozdan o‘tgani aniqlangan.

· Qurbonlar sonining ortishi: Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 28-fevraldan buyon AQSH va Isroilning Eronga hujumlari oqibatida kamida 1444 kishi halok bo‘lgan, 18 551 kishi jarohatlangan.

 

Fors ko‘rfazi mintaqasidagi vaziyat

· Mintaqadagi keng ko‘lamli hujumlar: Eron AQSH va Isroil zarbalariga javoban Ko‘rfazning bir qator mamlakatlariga raketa va dronlar bilan hujum qilmoqda. Bundan tashqari, Iroqdagi qurolli guruh so‘nggi 15 kun ichida Saudiya Arabistoni, Quvayt va Iordaniya hududlariga berilgan 28 ta dron zarbasi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

· Saudiya Arabistoni: Qirollik ushbu hujumlarni muhokama qilish maqsadida Riyod shahrida arab va musulmon davlatlari tashqi ishlar vazirlarining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazmoqda.

· BAAdagi holat: Dubay media-idorasi xabariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari raketalarni muvaffaqiyatli zararsizlantirgan, jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

· Bahrayn: Mamlakat bo‘ylab sirenalar chalindi, Ichki ishlar vazirligi aholini zudlik bilan xavfsiz joylarga o‘tishga chaqirdi.

· Qatarga parvozlarning to‘xtatilishi: Yaqin Sharq havo hududidagi beqarorlik va mavhumlik sababli «British Airways» aviakompaniyasi Doha yo‘nalishidagi parvozlarni to‘xtatish muddatini 30-aprelga qadar uzaytirdi

· Qatarda raketalarning tutib qolinishi: Qatar Mudofaa vazirligi 18-mart kuni Doha va boshqa hududlarda portlash tovushlari eshitilganini hamda raketalar urib tushirilganini ma’lum qildi.

· Ukrainalik mutaxassislar: Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Eron dronlaridan himoyalanishga ko‘maklashish uchun Yaqin Sharqning bir nechta mamlakatiga 200 nafardan ortiq dronlarga qarshi kurashish bo‘yicha harbiy mutaxassislar yuborilganini ma’lum qildi.

 

AQSHdagi vaziyat

· Amerikalik mulozimning iste’fosi: AQSHning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha yuqori lavozimli vakili Jo Kent Eronni «tahdid emas» dedi va o‘z lavozimidan iste’fo berdi.

· NATO ittifoqchilari bilan keskinlik: Prezident Tramp NATOdagi ittifoqchilarini, shuningdek Yaponiya, Avstraliya va Janubiy Koreyani ushbu nizoda harbiy yordam berishda sustkashlik qilayotganliklari uchun keskin tanqid qildi.

 

 

Isroildagi vaziyat

· Isroil «Basij»ga zarba berdi: Isroil harbiylari Eron ko‘ngillilar qo‘shini oliy qo‘mondoni o‘ldirilganini tasdiqladi va Tehron atrofidagi «Basij» kuchlarining pozitsiyalariga zarba berayotganini ma’lum qildi.  

· Isroil armiyasi 17-mart kuni Tehrondagi Eron qo‘mondonlik markazlari, raketa maydonlari va boshqa infratuzilma obyektlariga zarba berganini da’vo qildi.

· To‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlar va talafotlar: Keskinlik kuchayishi fonida Isroil javob tariqasidagi bombardimonlarga duch kelmoqda. Tel-Aviv yaqinidagi Ramat-Gan shahrida raketa hujumi oqibatida ko‘p qavatli uyga jiddiy zarar yetdi va ikki kishi halok bo‘ldi.

 

Livandagi vaziyat

· 18-mart kuni Isroil harbiy qo‘mondonligi Livan janubidagi to‘rtta qishloq aholisiga o‘z uylarini zudlik bilan tark etish va Zahraniy daryosidan shimolroqqa ko‘chishni buyurdi.  

· Ommaviy evakuatsiya buyruqlari: Isroil armiyasi Livan janubida 2006-yilgi urushdan buyon kuzatilgan eng keng ko‘lamli majburiy evakuatsiya haqida e’lon qildi. Bundan avval harbiylar Tir shahri, jumladan, u yerdagi uchta Falastin qochoqlar lageri aholisiga ham o‘z uylarini zudlik bilan bo‘shatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.

· Beqo vodiysidagi qonli havo hujumlari: Livanning Beqo vodiysidagi Sahmar shaharchasida to‘rtta uy nishonga olinishi oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi.

· «Hizbulloh»ning raddiyasi: Guruh Quvayt hududida o‘z a’zolari mavjudligini inkor etdi. Bunga qadar Quvayt rasmiylari qo‘poruvchilik uyushtirishda ayblanib, tashkilotga aloqadorlikda gumonlangan 14 nafar Quvayt va ikki nafar Livan fuqarosi hibsga olinganini ma’lum qilgan edi.

 

Iroqdagi vaziyat

· AQSH elchixonasiga zarba berildi: «Al-Jazeera» nashrining ma’lum qilishicha, havo hujumidan mudofaa tizimlari Bag‘dod aeroporti yaqinidagi moddiy-texnik ta’minot markazi hududida dron urib tushirgan. AQSH elchixonasi nishonga olingan navbatdagi hujumlar oqibatida Bag‘dodda portlashlar yuz berdi. Shuningdek, Kirkuk shahrining shimoli-sharqida joylashgan qurolli guruh bazasiga ham hujum uyushtirilgan.

· «Saraya Avliya al-Dam»: Iroqning «Saraya Avliya al-Dam» qurolli guruhi AQSH obyektlariga qarshi bir necha frontdagi hujumlar to‘lqini uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

· Iroq neft eksporti yo‘nalishini o‘zgartirmoqda: Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar va qazib olish hajmining keskin kamayishi fonida, Bag‘dod va Erbil Kurdiston muxtoriyati orqali Turkiyaning Jayhon portiga quvur orqali eksportni qayta tiklash harakatini boshladi.

 

Teglar

Mavzuga oid