
AQSH jahon elektr avtomobil bozorida nega ortda qoldi?
Elektr avtomobillar sotuvi AQSHda so‘nggi yillarda keskin o‘sgan bo‘lsa-da, subsidiyalar bekor qilinishi va siyosiy siyosat o‘zgarishi tufayli mamlakat jahon raqobatidan ortda qolmoqda.

2024 yilda AQSHda 1,2 milliondan ortiq elektr avtomobil sotilgan — bu to‘rt yil avvalgi ko‘rsatkichdan besh baravar ko‘p. Ammo sentyabr oyida amal qilishni to‘xtatgan 7,5 ming dollarlik davlat subsidiyasi tugagach, bozorda pasayish kutilmoqda. General Motors va Ford kabi yirik ishlab chiqaruvchilar talab keskin kamayishini oldindan ma’lum qilishgan.
Buyuk Britaniya va Yevropa davlatlarida elektr va gibrid avtomobillar yangi sotuvlarning 20–30 foizini tashkil etsa, Xitoyda bu ko‘rsatkich qariyb 50 foizga yetgan. AQSH esa dunyodagi ikkinchi yirik avto bozor bo‘lishiga qaramay, bu yo‘nalishda sust qadam tashlamoqda.
Sobiq prezident Jo Bayden elektromobillar ulushini 2030 yilgacha barcha sotuvlarning yarmiga yetkazishni maqsad qilgan edi. U hukumat xaridlari orqali talabni oshirish, quvvatlantirish stansiyalarini qurish va ishlab chiqaruvchilarga kreditlar berish kabi choralar ko‘rgan. Biroq Donald Tramp bu tashabbuslarni bekor qilib, bozor erkinligini asos qilib oladigan yangi siyosatni joriy etmoqda.
AQSHda elektr avtomobillar hali ham an’anaviy benzinli mashinalarga nisbatan qimmat: o‘rtacha narx 57 ming dollar bo‘lib, bu boshqa modellardan 16 foizga yuqori. Xitoyning BYD kabi arzon ishlab chiqaruvchilari esa mamlakatga kirish imkoniga ega emas — chunki ularga katta boj stavkalari qo‘llanilgan.
Muttaxassislar fikricha, subsidiyalar bekor qilinishi va bojlarning oshishi AQSHda elektr avtomobil ishlab chiqarish va sotuvini sezilarli sustlashtiradi. S&P Global Mobility tahlilchisi Stefani Brinli bu vaziyatni «2026 yilda 2 foizlik umumiy sotuv pasayishiga olib kelishi mumkin» deb baholagan.





