
AQSH Kongressi Trampning «katta va chiroyli» qonunini qabul qildi
AQSH Kongressi Trampning asosiy saylovoldi va’dalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi «katta va chiroyli qonun» (Big Beautiful Bill, BBB)ni qabul qildi. Qonun loyihasini 218 kongressmen qo‘llab-quvvatladi, 214 kishi (jumladan ikki respublikachilar) qarshi ovoz berdi.

Qabul qilingan qonun prezident Tramp va Ilon Mask o‘rtasida ochiq mojaroni keltirib chiqargan edi.
Vakillar palatasi va Senatda qonun loyihasi bir necha bor muhokama qilinib, o‘zgartishlar kiritildi. Tramp shaxsan norozilik bildirgan kongressmenlar bilan suhbatlashib, ularning to‘rt nafari fikrini o‘zgartirishga erishdi. Qonun 3 iyul kuni yakuniy ko‘rinishda qabul qilinib, Prezident imzosi uchun yo‘llandi. Tramp hujjat 4 iyul — Mustaqillik kuniga qadar imzolanishini dedlayn sifatida belgilagan.
Qonun loyihasi quyidagi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
- 2018 yilda Tramp davrida kiritilgan soliq imtiyozlarini uzaytirish, korporatsiyalar uchun soliq stavkasi 35 foizdan 21 foizga tushiriladi;
- Choychaqa va ortiqcha ish vaqti uchun soliq imtiyozi;
- davlat qarzi limitini 5 trln dollarga oshirish;
- SALT soliq imtiyozi limitini 10 ming dollardan 40 ming dollarga ko‘tarish;
- avtokredit foizlariga soliq imtiyozi va bolalar uchun imtiyozlarni oshirish;
- «Tramp omonat hisoblari» — 2025–2028 yillar oralig‘ida tug‘ilgan bolalar uchun davlatdan 1000 dollar hisobga tushiriladi;
- harbiy xarajatlar va chegaralarni muhofaza qilish uchun 350 mlrd dollar ajratish, jumladan Meksika chegarasida devor qurish uchun 46,5 mlrd dollar.





