
AQSH muhojirlarni ommaviy haydashga kirishmoqda. Oliy sud bunga yo‘l ochdi
24.06.2025 | 22:2049832
AQSH Oliy sudi Boston sudining noqonuniy muhojirlarni uchinchi davlatlarga deportatsiya qilishni to‘xtatuvchi qarorini bekor qildi. Bu qaror mamlakatda muhojirlar siyosatida yangi bosqichni boshlashi mumkin.

AQSH Oliy sudi Boston okrug sudining noqonuniy muhojirlarni «uchinchi davlat»larga deportatsiya qilishni taqiqlovchi qarorini bekor qildi. Sudning yangi qaroriga ko‘ra, hujjatsiz muhojirlarni qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan mamlakatlarga yuborish mumkin bo‘ladi.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi bu qarorni olqishlab, Oliy sudning xulosasini «Amerika xalqining xavfsizligi uchun muhim yutuq», deb atadi. Rasmiy bayonotda aytilishicha, endi federal ma’murlar immigratsiya qoidalarini buzganlarni samarali tarzda deportatsiya qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Bu qaror Donald Tramp ma’muriyatining noqonuniy muhojirlarga qarshi qat’iy siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi qadam sifatida baholanmoqda. Prezidentning saylovoldi dasturida aynan immigratsiyani cheklash va mamlakatdagi millionlab hujjatsiz muhojirlarni chiqarib yuborish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
The Washington Post gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, amaldagi prezident kelasi 12 oy ichida 1 millionga yaqin muhojirni Qo‘shma Shtatlardan chiqarib yuborishni rejalashtirmoqda.





