add

AQSH NATO orqali Ukrainaga 10 mlrd dollarlik qurol yetkazib beradi

15.07.2025 | 08:2041543

AQSH hukumati NATO orqali Ukrainaga 10 mlrd dollarlik yangi harbiy yordam dasturini amalga oshiradi. Bu orqali Rossiyaga qarshi zarba berish salohiyatiga ega qurollar Ukraina qo‘liga o‘tadi.

AQSH NATO orqali Ukrainaga 10 mlrd dollarlik qurol yetkazib beradi
Axios agentligining xabar qilishicha, mazkur paketga raketa tizimlari, havo hujumidan himoya majmualari va artilleriya snaryadlari kiradi. Manbalarning ta’kidlashicha, ular orasida Rossiya hududining ichkarisiga zarba bera oladigan uzoq masofali raketalar ham bor. CNN ma’lumotiga ko‘ra, Vashington qurollarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga emas, balki NATO davlatlariga sotib, ular orqali yetkazib berishni rejalashtirgan. Bu sxemaning yana bir jihati — AQSHning uzoq muddatli iqtisodiy manfaati. Masalan, bir dona Patriot majmuasining narxi 1 mlrd dollarga yetadi. Donald Trampning o‘zi bu kelishuvlarni AQSH mudofaa sanoati uchun foyda keltiradi, deya ta’kidlab keladi. 14 iyul kuni Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Donald Tramp ushbu tashabbusni rasman e’lon qildi. Unga ko‘ra, Yevropa davlatlari o‘z zaxiralaridan Ukrainaga qurol berishadi, AQSH esa ularga yangisini yetkazib beradi. «Biz ishlab chiqaramiz, ular to‘laydi», — dedi Tramp. Prezidentning aytishicha, Ukraina 17 tacha Patriot majmuasi olishi mumkin va ularning ba’zilari yaqin kunlarda yetkazib beriladi. Tramp shuningdek, Rossiyaning muzokaralarga tayyor emasligidan chuqur ranjishini bildirib, agar 50 kun ichida tinchlik shartnomasiga erishilmasa, AQSH Rossiya va uning hamkorlariga nisbatan 100 foizlik ikkinchi darajali bojlar joriy etishini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid