
AQSH Nigeriyaga qarshi harbiy operatsiyalarga tayyorlanmoqda
AQSH prezidenti Donald Tramp Nigeriya hukumatini nasroniy aholiga qarshi zo‘ravonliklarni to‘xtatmaslikda ayblab, Pentagonga ehtimoliy harbiy operatsiyalarga tayyorlanish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Reuters axborot agentligining yozishicha, Tramp agar Nigeriya hukumati «nasroniylarni ommaviy o‘ldirishni to‘xtatmasa», AQSH bu mamlakatga barcha yordam va qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington zarurat tug‘ilsa, Nigeriya hududiga harbiy kuch kiritib, «islom terroristlarini tubdan yo‘q qilish» choralarini ko‘radi.
Trampning buyrug‘idan so‘ng Nigeriyadagi islomiy ekstremist guruhlar harakatlariga qarshi ehtimoliy operatsiyalarga tayyorgarlik boshlanganini tasdiqlagan Pentagon rahbari Pit Hegset.
Ta’kidlanishicha, Tramp ma’muriyati Nigeriyani «din erkinligiga tahdid soluvchi davlatlar ro‘yxati»ga qo‘shgan. Bu qaror mamlakatda so‘nggi oylarda nasroniy aholiga qarshi hujumlar ko‘paygani haqidagi xabarlar ortidan qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Venesuela qirg‘oqlariga 16 ming harbiydan iborat katta dengiz guruhini yo‘llagani haqida xabar bergan edik.





