add

AQSH qiruvchi samolyoti Eron dronini urib tushirdi

Kecha 10:551 daqiqa

AQSH harbiylari Eronga tegishli dron aviatashuvchi kemaga xavfli darajada yaqinlashganini ma’lum qildi.

AQSH qiruvchi samolyoti Eron dronini urib tushirdi

AQSH harbiy-dengiz kuchlari 3-fevral kuni Arab dengizida Eronga tegishli «Shahed» rusumli dronni yo‘q qildi. Hodisa dronning AQSH aviatashuvchi kemasiga tajovuzkor tarzda yaqinlashishi ortidan sodir bo‘lgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, dron AQSH harbiy-dengiz kuchlariga tegishli «Abraham Linkoln» aviatashuvchi kemasiga noma’lum maqsadda harakatlangan. Hujumning oldini olish uchun kemadan havoga ko‘tarilgan F-35C qiruvchi samolyoti jalb etilgan va u nishonni yo‘q qilish orqali kema hamda shaxsiy tarkib xavfsizligini ta’minlagan.

Kema Eron hududidan 800 km uzoqlikda bo‘lgan

Ma’lum qilinishicha, voqea paytida aviatashuvchi kema Eron qirg‘oqlaridan taxminan 500 mil, ya’ni 800 kilometrdan ortiq masofada bo‘lgan. Hodisa natijasida AQSH harbiy texnikasiga zarar yetmagan, shaxsiy tarkib orasida jabrlanganlar yo‘q.

Bu voqea Vashington va Tehron o‘rtasidagi siyosiy-harbiy taranglik yuqori bo‘lib turgan bir paytda sodir bo‘ldi. AQSH prezidenti Donald Tramp Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar natija bermasa, harbiy choralar ko‘rilishi mumkinligini bir necha bor ta’kidlagan. Shu bilan birga, u avvalo diplomatik yo‘l ustuvor ekanini bildirib kelmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Karolayn Levittning aytishicha, Eron bilan rejalashtirilgan muzokaralar belgilangan muddatda o‘tkazilishi kerak. Shu bilan birga, Eron rasmiylari hozircha dron urib tushirilgani bo‘yicha aniq munosabat bildirgani yo‘q.

Teglar

Mavzuga oid