
AQSH Rossiyaning Afrikadagi ta’siriga qarshi harakat boshladi
Vashington Sahel mintaqasidagi «shaxmat taxtasi»da kutilmagan yurishni amalga oshirdi. Oq uy an’anaviy demokratiya darslarini chetga surib, Rossiyaning mintaqadagi harbiy monopoliyasini jilovlash uchun muloqotga tayyor.

AQSH Davlat departamenti o‘z vakilining Maliga kutilayotgan tashrifini e’lon qildi hamda Burkina-Faso va Niger rasmiylari bilan muloqotga tayyorligini bildirdi. Bu orqali Vashington «ikki tomonlama munosabatlarning yangi yo‘nalishini belgilash» va ushbu mamlakatlarda Moskvaning kuchayib borayotgan ta’sirini jilovlash niyatida. Bu haqda Bi-bi-si xabar bermoqda
AQSHning Mali, Burkina-Faso va Niger bo‘yicha yangi qadami
«Byuroning yuqori lavozimli xodimi Nik Cheker Qo‘shma Shtatlarning Mali suverenitetiga nisbatan hurmatini ifodalash, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarda yangi yo‘nalishni belgilash hamda o‘tmishdagi xatolarni bartaraf etish istagini bildirish uchun Bamako shahriga yo‘l olmoqda. Qo‘shma Shtatlar AQSH va Mali o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha navbatdagi qadamlarni muhokama qilishni hamda mintaqadagi boshqa hukumatlar, jumladan, Burkina-Faso va Niger bilan xavfsizlik hamda iqtisodiyot sohasidagi umumiy manfaatlar yuzasidan maslahatlashish imkoniyatini intizorlik bilan kutmoqda», – deyiladi Davlat departamenti xabarida.
Vashingtonning Sahel mintaqasiga yondashuvi o‘zgarmoqda
Nashrning qayd etishicha, mazkur bayonot Oq uyning Sahel mintaqasi mamlakatlariga nisbatan yondashuvi sezilarli darajada o‘zgarganidan dalolat beradi. Ta’kidlanishicha, Davlat departamenti AQSH uchun an’anaviy bo‘lgan demokratiya va inson huquqlari masalalariga alohida urg‘u bermayapti. Bu esa mahalliy hukumatlarning Yevropa boshqaruv modelidan voz kechishi Vashington tomonidan asosiy muammo sifatida ko‘rilmayotganiga ishora qiladi.
Bi-bi-si taxminicha, Mali suvereniteti e’tirof etilishi haqidagi bayonot Bamako va unga ittifoqdosh poytaxtlarda ijobiy qabul qilinishi ehtimoli yuqori. Zero, ushbu mamlakatlardagi harbiy yetakchilar pan-Afrika g‘oyalariga tayanib hamda sobiq mustamlakachi davlat bo‘lmish Fransiyadan uzoqlashgan holda o‘z mavqelarini mustahkamlagan.
«Prezident Donald Tramp ma’muriyati Rossiyaning Mali, Niger va Burkina-Faso uchun xavfsizlik sohasidagi yagona tashqi hamkor bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikka intilmoqda», - deyiladi xabarda.
Shuningdek, hozirgi Oq uy Rossiyaning harbiy ishtirokini mintaqaviy barqarorlik yoki inson huquqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid deb hisoblamayotgani qayd etilgan.





