
AQSH Senati Trampning «Katta va chiroyli» byudjeti uchun ovoz berdi
AQSH Senati Prezident Donald Tramp tomonidan taklif etilgan «Katta va chiroyli» byudjetni minimal farq bilan ma’qullab, hujjatni yana Vakillar palatasiga yubordi.
Senatdagi muhokamalar bir sutkadan ortiq davom etdi va ovoz berishda juda kichik farq bilan qabul qilindi. Garchi Senatda respublikachilar 100 o‘rindan 53 tasiga ega bo‘lsa-da, byudjet uchun 50 nafar respublikachi senator va vitse-prezident Jey Di Vens ovoz berdi. Ma’lumki, Senatda ovozlar teng taqsimlanganda vitse-prezidentning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Byudjetga qarshilik ko‘rsatganlar orasida barcha demokrat senatorlar hamda uch nafar respublikachi — Men shtatidagi Syuzan Kollinz, Shimoliy Karolinadan Tom Tillis va Kentukkidan Rend Pol bo‘ldi. Ular byudjetni qo‘llab-quvvatlamaslikka qaror qildi.
Bu natijaga erishishda Alyaskadan saylangan senator Liza Murkauskining qarorini o‘zgartirishdagi muvaffaqiyat muhim bo‘ldi. U so‘nggi pallada byudjetni qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘ldi va shu orqali zarur ovozlar to‘plandi.
Muhokamalar davomida Senat a’zolari byudjet matniga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritdi. Shu sababli hujjat yana Vakillar palatasiga qaytarildi. Ammo u yerda respublikachilarning ustunligi yanada kichik bo‘lib, byudjet taqdiri hozircha noaniqligicha qolmoqda.
Tahlilchilar fikricha, byudjet loyihasi qator bahsli masalalarni qamrab olgani bois, Vakillar palatasida uning taqdiri katta siyosiy tortishuvlarga sabab bo‘lishi mumkin.





