
AQSH Ukrainaga tarixdagi eng yirik qurol yetkazib berishga tayyorlanmoqda
14.07.2025 | 08:3049634
Amerika senatori Lindsi Grehem AQSH Ukrainaga nisbatan tarixdagi eng katta qurol-yarog‘ yetkazib berish rejasini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin G‘arbning charchashiga umid bog‘lab katta xatoga yo‘l qo‘ygan.

Respublikachi senator Lindsi Grehemning aytishicha, AQSH yaqin kunlarda Ukrainaga o‘zini himoya qilish uchun kerakli bo‘lgan miqdorda qurol yetkazib berishni boshlaydi. U bu haqda CBS News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi va ertaga Donald Tramp tomonidan qilinishi kutilgan bayonotni jiddiy qabul qilishga chaqirdi.
Grehemning ta’kidlashicha, Amerika shuningdek Yevropa ittifoqchilariga ham katta hajmda qurol sotishni boshlaydi va bu qurollar Ukraina uchun ham manfaatli bo‘lishi mumkin. Shuningdek, u Rossiya aktivlarining muzlatilishi va kelgusida ularga nisbatan olinadigan choralar haqidagi yangiliklarni kuzatishni tavsiya qildi.
«Putin bizning charchashimizni kutdi. U qattiq adashdi», — dedi senator. Uning fikricha, Kongress hozir AQSH tarixidagi eng katta sanksiyalar paketini qabul qilish ostonasida turibdi.
Senator o‘z murojaatida Xitoy, Hindiston va Braziliyani ham ogohlantirdi: «Agar siz Putinga yordam berishda davom etsangiz, buning uchun katta to‘lovga tayyor turing».
Bu orada NATO Bosh kotibi Mark Ryutte 14 iyul kuni Vashingtonga tashrif buyurishi ma’lum bo‘ldi. U yerda 15 iyul kuni prezident Donald Tramp, davlat kotibi Marko Rubio va mudofaa vaziri Pit Hegset bilan uchrashishi rejalashtirilgan. NATO ma’lumotiga ko‘ra, tashrif sababi aniq aytilmagan, ammo Tramp avvalroq AQSH NATO orqali Ukrainaga qurol yetkazishga tayyor ekanini bildirgan va dushanba kuni Rossiyaga doir «katta bayonot» berilishini ma’lum qilgan.
Shu vaqtgacha Tramp ma’muriyati faqat Jo Bayden tomonidan oldin tasdiqlangan qurol turlarini yuborib kelayotgani ta’kidlanmoqda.





