
AQSH Ukrainaga va’da qilingan raketalarni Yaqin Sharqqa jo‘natdi — Zelenskiy
09.06.2025 | 11:0049793
AQSH prezidenti Bayden davrida Ukrainaga ajratilishi kerak bo‘lgan 20 mingta raketa Tramp hokimiyatga kelgach, Yaqin Sharqqa yo‘naltirilgan. Bu haqda Volodimir Zelenskiy ABC News'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, mamlakat «Shahid» turidagi dronlarga qarshi kurashish uchun 20 mingta raketa olishi kerak edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu raketa yetkazib berish qarori AQSH prezidenti Jo Bayden boshchiligida qabul qilingan, ammo keyinchalik ular Yaqin Sharqqa yo‘naltirilgan.
Zelenskiy bu raketalar katta qiymatga ega bo‘lmasa-da, muhim texnologiya bilan jihozlanganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Ukraina aynan shu raketalarga tayanishni rejalashtirgandi. Ammo so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Amerika ushbu raketalarni Ukrainaga emas, balki Yaqin Sharqdagi manzilga jo‘natgan.
U, shuningdek, ushbu loyiha Bayden prezidentligi davrida, AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin ishtirokida shakllanganini eslatib o‘tdi.
«Shahid» dronlari 2022 yil kuzidan boshlab Ukraina uchun jiddiy tahdidga aylandi. Bu dronlar katta masofaga uchish qobiliyatiga ega bo‘lib, aniq nishonni yo‘q qilish funksiyasi bilan jihozlangan. Ularda 10–40 kg atrofidagi portlovchi moddalar joylashgan bo‘ladi.
Dronlarning kichik o‘lchami va 2 ming kilometrgacha uchish imkoniyati bor, ammo ularning yukori tovushli dvigateli sababli «moped» deb nomlangan. Bu uskunalar Rossiya tomonidan keng miqyosda ishlatilayotgani Ukraina uchun katta xavf tug‘dirmoqda.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning ushbu qaroridan so‘ng Ukrainada «Shahid»larga qarshi kurashish imkoniyatlari sezilarli darajada cheklanadi. U xalqaro hamkorlardan yanada aniq va barqaror yordam kutayotganini bildirdi.





