add

AQSH Ukrainani qurol bilan ta’minlashni vaqtincha to‘xtatdi

02.07.2025 | 17:0023503

Pentagon zaxiralarini qayta ko‘rib chiqar ekan, AQSH Ukrainaga yetkazilishi rejalashtirilgan «Patriot» tizimi raketa va Hellfire raketalari kabi qurollarni ushlab turmoqda. Bu qaror mamlakatning global ustuvorliklariga qayta baho berish jarayonida qabul qilindi.

AQSH Ukrainani qurol bilan ta’minlashni vaqtincha to‘xtatdi
AQSH ma’muriyati Rossiyaning Ukrainaga hujumlari fonida Kiyevga qurol yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu qaror mamlakat mudofaa tizimlari zaxiralarini qayta baholash natijasida qabul qilingan. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, mavjud zaxiralar Ukrainaga zudlik bilan yordam berish uchun yetarli emas. Ma’lum qilinishicha, ushlab turilayotgan qurollar qatoriga «Patriot» havo himoya tizimi raketalari, aniq artilleriya snaryadlari va Hellfire raketalari kiradi. Bu qurollar avval Ukrainaga va’da qilingan edi. Oq uy matbuot kotibi Anna Kellining ta’kidlashicha, qaror mamlakat manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish tamoyili asosida qabul qilindi. Bayden prezidentlik davrida uning ma’muriyati NATO ittifoqchilarini ham Ukrainaga havo mudofaasi uchun qurol berishga undagan, biroq ayrim davlatlar Rossiya tahdidi sababli bunday qadamga borishni istamagan. AQSH 2022 yildan buyon Ukrainaga 66 milliard dollardan ortiq harbiy yordam ko‘rsatgan. Ammo Donald Tramp hukumatga qaytishi mamlakatning global harbiy ustuvorliklariga nisbatan yondashuv o‘zgarishiga olib kelgan. Ayni paytda, Rossiya Ukrainaga qarshi havodan hujumlarni kuchaytirmoqda. Kiyev va Moskva o‘rtasidagi muzokaralar to‘xtab qolgan, otishmalarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga umidlar so‘ngan. AQSH Mudofaa vazirligi rasmiylariga ko‘ra, ma’muriyat Ukrainaga yordamni davom ettirish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda. Biroq bu jarayonda AQSH armiyasining o‘z mudofaa qobiliyatini saqlash ustuvor bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid