AQSH va Eron tinchlik bitimini imzoladi
Donald Tramp va Mas’ud Pezeshkiyon urushni to‘xtatishga qaratilgan vaqtinchalik kelishuvni imzoladi. Biroq Tramp Tehron majburiyatlarni buzsa, hujumlar qayta boshlanishini aytdi.
© thecsrjournal.inAQSH va Eron prezidentlari ikki davlat o‘rtasidagi urushga yakun yasashga qaratilgan vaqtinchalik kelishuv matnini imzoladi. Kelishuv 60 kun davomida amal qiladigan sulh rejimini nazarda tutadi va tomonlarga yakuniy tinchlik bitimi bo‘yicha muzokaralar olib borish imkonini beradi. Bu haqa Reuters xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron bitim shartlariga amal qilmasa, Vashington harbiy zarbalarni qayta boshlaydi.
«Kelishuv buzilsa, yana bombardimon qilamiz. Men buni istamayman, lekin ular majburiyatlariga rioya qilishi kerak», — dedi Tramp.
Tramp, shuningdek, Eronga hujum qilish uchun avval keltirgan sabablaridan bittasidan voz kechdi. U avvalroq Tehronning ballistik raketalarini yo‘q qilishga va’da bergan bo‘lsa-da, endi Eronning bunday raketalarga ega bo‘lmasligini «adolatsizlik» deya baholadi.
Eron tomoni esa kelishuvni tarixiy qadam sifatida baholamoqda
«Muzokaralar orqali harbiy harakatlar bilan erishmoqchi bo‘lganimizdan ko‘prog‘iga erishdik; buni hatto taqqoslab ham bo‘lmaydi»,
— dedi Eronning bosh muzokarachisi Muhammad Boqir Qolibof davlat televideniyesiga bergan intervyusida. Ma’lumot uchun, ushbu kelishuv Eronning muzlatilgan milliardlab dollarlik aktivlarini blokdan chiqarishni ham o‘z ichiga oladi.
AQSH va Isroil 28-fevral kuni Eronga qarshi urush boshlab, birinchi kunning o‘zidayoq 86 yoshli Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy va harbiy yetakchilarni o‘ldirgan edi. Bu tez orada mintaqaviy mojaroga aylanib, asosan Eron va Livanda 7000 dan ortiq odamning umriga zomin bo‘ldi; energiya narxlarining oshishiga olib keldi; inflyatsiya bosimini kuchaytirdi hamda rivojlanayotgan mamlakatlarda jiddiy oziq-ovqat inqirozi bo‘yicha xavotirlarni keltirib chiqardi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vashington va Tehron o‘rtasida imzolanishi kutilgan 14 bandlik kelishuvning matni haqida ma’lumot bergan edik.





