AQSH va Ozarboyjon strategik sheriklik xartiyasini imzoladi
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev imzolagan yangi xartiya Janubiy Kavkazda transport, energetika va xavfsizlik sohalaridagi o‘yin qoidalarini o‘zgartirishi mumkin.

AQSH va Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqdi. Boku shahrida AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi xartiyani imzoladi. AQSHning Ozarboyjondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, hujjat ikki tomonlama hamkorlikni institutsional va uzoq muddatli asosga o‘tkazadi.
Xartiyada suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro tan olish asosiy prinsip sifatida mustahkamlangan. Shuningdek, hujjat Janubiy Kavkazning tranzit va logistika salohiyatini to‘liq ishga solishni maqsad qiladi. Tomonlar mintaqa barqarorligi va iqtisodiy integratsiyasini kuchaytirishni strategik ustuvor vazifa sifatida belgilagan.
O‘rta koridor va TRIPP
Xartiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri tranzit infratuzilmasini rivojlantirishdir. Tomonlar Xitoydan Yevropa bozorlariga olib chiquvchi «O‘rta koridor»ni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ushbu yo‘lak Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarboyjon va Gurjiston orqali Turkiya va Yevropa davlatlariga chiqishni nazarda tutadi.
Shu bilan birga, hujjatda TRIPP loyihasi — «Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp marshruti» ham qo‘llab-quvvatlandi. U Ozarboyjonni Armaniston hududi orqali Naxichivon bilan bog‘lashni ko‘zda tutadi. Bu loyiha mintaqada iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish va savdo xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
AQSH ta’siri kuchaymoqda
Xartiya AQSHning Janubiy Kavkazdagi faolligini kuchaytirish strategiyasining bir qismi sifatida baholanmoqda. Vensning Boku safari uning Yerevanga tashrifidan keyin amalga oshdi. U yerda AQSH va Armaniston o‘rtasida fuqarolik yadroviy energetikasi bo‘yicha kelishuv imzolanib, Vashington Armaniston energetika sohasiga 9 mlrd dollargacha investitsiya kiritishni rejalashtirgan.
«Bloomberg» nashrining ta’kidlashicha, ushbu qadamlar AQSHning mintaqaga ta’sirini kengaytirishga qaratilgan. Bu jarayonlar Donald Tramp vositachiligida ishlab chiqilgan Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi loyihasi ortidan amalga oshmoqda.





