add

AQSH Xitoydan keladigan tovarlarga 100 foizli boj joriy etmoqda

11.10.2025 | 18:0046604

Donald Tramp 1 noyabrdan boshlab Xitoydan import qilinadigan barcha tovarlarga 100 foizli qo‘shimcha boj joriy etilishini ma’lum qildi. Bu qaror Xitoyning nodir metallar eksportiga cheklovlar joriy etganiga javob sifatida qabul qilinmoqda.

AQSH Xitoydan keladigan tovarlarga 100 foizli boj joriy etmoqda
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida 2025 yil 1 noyabrdan boshlab Xitoydan kelayotgan tovarlarga qo‘shimcha 100 foizli boj joriy etilishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu chora Xitoy hukumati tomonidan deyarli barcha ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportiga nisbatan cheklovlar kiritilishiga javobdir. Trampning aytishicha, yangi tariflar Xitoy tomonidan amalga oshiriladigan keyingi harakatlarga qarab ertaroq ham kuchga kirishi mumkin. Shu bilan birga, AQSH 1 noyabrdan boshlab muhim dasturiy ta’minot turlariga nisbatan eksport nazoratini kuchaytiradi. AQSH prezidenti Xitoyning bu harakatlarini xalqaro savdoda «adolatsiz va kamsituvchi» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin eksportiga kiritilgan cheklovlar boshqa davlatlar bilan iqtisodiy munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. BBC News ma’lumoticha, Xitoy dunyoda nodir yer metallarini qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Bu elementlar avtomobilsozlik, smartfon va elektron qurilmalar ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega. 9 oktyabr kuni Xitoy Tijorat vazirligi mazkur metallar eksportiga yangi ruxsatnoma talablarini joriy qilganini ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga, Pekin AQSHning Qualcomm texnologik kompaniyasiga nisbatan monopoliyaga qarshi tergov boshladi hamda Amerika kemalari uchun yangi port to‘lovlarini joriy etdi. Tramp Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tishi kutilgan OTIHT sammitida Si Szinpin bilan uchrashuv istiqboliga ham shubha bilan munosabat bildirdi. Shu bilan birga, keyinchalik u bu uchrashuvning bekor qilinmasligini ta’kidladi. Mutaxassislar fikricha, yangi bojlar AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushining yangi bosqichini boshlab berishi mumkin. Xitoy tomoni esa AQSHning javob choralaridan qo‘rqmasligini bildirib, o‘zining iqtisodiy barqarorligiga ishonmoqda.

Teglar

Mavzuga oid