
AQSHda Demokratik partiya reytingi so‘nggi 35 yilda eng past darajaga tushdi
28.07.2025 | 09:0044883
The Wall Street Journal nashri tomonidan chop etilgan so‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, AQSHda Demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlash darajasi oxirgi 35 yildagi eng past tubga yetdi. Saylovchilarning aksariyati partiya haqida salbiy fikrda ekanini ma’lum qilgan.

So‘rov natijalaridan ko‘rinib turibdiki, ishtirokchilarning 63 foizi Demokratik partiya haqida nomaqbul fikrda. Faqatgina 33 foiz saylovchi ushbu partiyaga ijobiy munosabat bildirgan va bor-yo‘g‘i 8 foizgina uni «juda maqbul» deb baholagan.
So‘rovni har ikki partiyaga yaqin ikki sotsiolog — demokrat Jon Anzalone va respublikachi Toni Fabritsio o‘tkazgan. Ular partiyaning xalq bilan aloqasi susayganini va iqtisodiy dasturlar bo‘yicha aniq pozitsiya yo‘qligini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Tramp va Respublikachilar partiyaga nisbatan ham umumiy munosabat unchalik iliq emas — ammo demokratlar bilan taqqoslaganda, ularning salbiy reytingi ancha past: Tramp –7, Respublikachi partiya esa –11 punktda. Demokratlar esa ishonchni qayta tiklamas ekan, ularning Trampni tanqid qilishga haqli deb topilishi qiyin bo‘ladi, deydi tahlilchilar.
So‘rov shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning katta qismi iqtisod, inflyatsiya, tashqi siyosat va tariflar bo‘yicha respublikachilarga ko‘proq ishonishini bildirgan. Ammo shunga qaramay, agar saylovlar bugun bo‘lib o‘tsa, ishtirokchilarning 46 foizi demokratlar nomzodiga, 43 foizi esa respublikachiga ovoz berishini aytgan.
Bu raqamlar 2017 yildagi natijalardan past — o‘shanda demokratlar 8 foizlik ustunlikka ega edi. So‘rov 16–20 iyul kunlari 1500 nafar ro‘yxatdan o‘tgan saylovchi o‘rtasida telefon orqali o‘tkazilgan. Xatolik ehtimoli ±2,5 foiz punktni tashkil etadi.





