
AQSHda «Hizbulloh»ga aloqadorlar nazoratga olinmoqda
23.06.2025 | 19:0049404
Eron bilan qarama-qarshilik kuchaygan sari ichki tahdidlarga e’tibor ortayapti

AQSH maxsus xizmatlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mamlakat ichida «Hizbulloh» guruhi bilan aloqador yoki shubha ostidagi shaxslarni tekshirishni boshladi. Bu haqda “Anadolu” agentligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu shaxslarga nisbatan hozircha ochiq tahdidlar qilinmayapti. Ammo vaziyat AQSH prezidenti Donald Trampning Eronga qarshi harbiy harakatlari va Isroilning Eron yetakchilarini nishonga olishi mumkinligi haqidagi bayonotlari ortidan yuzaga kelgan. Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy ham yaqinda matbuotda AQSH va Isroilga qarshi ogohlantiruvlar bilan chiqqan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillariga ko‘ra, asosiy xavf Amerika harbiy bazalari va mintaqaviy manfaatlar bilan bog‘liq. Biroq mamlakat hududida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga nisbatan ham jiddiy choralar ko‘rilmoqda.
AQSH Adliya vazirligi 2024 yili Trampga suiqasd uyushtirganlarni hibsga olish qarori haqida e’lon qilgan edi. Shuningdek, Eron homiyligidagi xakerlar Trampning saylovoldi kampaniyasiga kiberhujumlar uyushtirganlikda ayblanib, bunday harakatlar ehtimoliy «qasos vositasi» sifatida baholangan. Federal qidiruv byurosi Eron bilan aloqadorlikda gumon qilingan guruhlarni muntazam ravishda kuzatmoqda.
«Hizbulloh» yetakchisi Naim Kosim 19 iyun kuni Eron va Isroil o‘rtasida davom etayotgan urushga munosabatan, uning guruhi “o‘zi bilganidek harakat qilishini” ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Hizbulloh» bu ziddiyatda betaraf emas va «Isroil-AQSH tajovuzi oldida o‘z xohishiga ko‘ra javob beradi».
Xuddi shu kuni AQSHning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barak «Hizbulloh»ni Eron va Isroil o‘rtasidagi urushga aralashmaslik haqida ogohlantirgan.





