add

AQSHda immigratsiya siyosati kuchaytirildi va yangi cheklovlar joriy etildi

AQSH rasmiylari 2025 yil 28 may kuni noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish va mamlakatga qonuniy kirish-chiqishni tartibga solish bo‘yicha yangi choralar joriy etilganini e’lon qildi. Bu o‘zgarishlar AQSHga safar qiluvchi chet el fuqarolari uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

AQSHda immigratsiya siyosati kuchaytirildi va yangi cheklovlar joriy etildi
AQSH immigratsiya va chegara nazorati bo‘yicha siyosatini qayta ko‘rib chiqib, yangi cheklovlarni joriy etdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi. Yangi qoidalarga ko‘ra, mamlakatga noqonuniy yo‘l bilan kirish, vizani buzish yoki belgilangan muddatdan ortiq qolish holatlariga nisbatan qattiq jazo choralari ko‘riladi. Ayni paytda, Amerika Qo‘shma Shtatlariga qonuniy asosda kelganlar qo‘llab-quvvatlanishi, ammo har qanday qonun buzilishi vizaning bekor qilinishi va deportatsiya bilan yakun topishi ta’kidlandi. Mamlakatga yana kirishga doimiy taqiq qo‘yilishi ham mumkin. Qonunbuzar shaxslar uchun AQSHni ixtiyoriy tark etish imkoniyati saqlanib qoladi. Bu jarayonni «CBP Home App» orqali amalga oshirganlar moliyaviy rag‘bat bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, AQSHda yangi tayinlangan maxsus harbiy nazorat hududlariga noqonuniy kirish holatlari to‘liq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Migratsiya qoidalarini buzganlar qatorida AQSHda jinoyat sodir etgan chet el fuqarolariga nisbatan ham jazo choralari kuchaytirildi. Shuningdek, noqonuniy migratsiyani tashkil qiluvchi yoki unga yordam beradigan shaxslar va guruhlar ham yangi vizaviy cheklovlar va sanksiyalarga duch kelmoqda. Ayrim jinoiy guruhlar hatto terroristik tashkilotlar deb e’tirof etildi. AQSH hukumati o‘z fuqarolarini qaytarib olishdan bosh tortgan davlatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishini bildirgan. Bu mamlakatlar fuqarolariga AQSHga kirishda jiddiy cheklovlar qo‘yilishi mumkin. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu o‘zgarishlardan so‘ng AQSHga bormoqchi bo‘lgan fuqarolarni ehtiyotkorlikka chaqirdi. Avvalroq, 30 aprel kuni qonuniy asoslarsiz AQSHda bo‘lgan yuzlab fuqarolar maxsus charter reysi orqali Nyu-Yorkdan Toshkentga olib kelingan edi. Ular orasida Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ham bo‘lib, keyinchalik o‘z davlatlariga jo‘nab ketishgan.

Teglar

Mavzuga oid