
AQSHda ommaviy qisqartirishlar: Sun’iy intellekt sabab 52 ming ish o‘rni qisqarmoqda
Texnologiya va yirik korporatsiyalar SIga sarmoyani tezlashtirib, minglab xodimlar bilan xayrlashmoqda. Bu AQSH mehnat bozorida yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatmoqda.

AQSHda so‘nggi kunlarda yirik korporatsiyalar tomonidan e’lon qilingan qisqartirishlar mehnat bozorida jiddiy siljishni namoyon qildi. «Financial Times» ma’lumotlariga ko‘ra, bir necha kun ichida ishdan bo‘shatish rejalari 52 ming nafardan oshgan. Bu pandemiyadan keyingi eng og‘ir haftalardan biri sifatida baholanmoqda.
Eng katta qisqartirishlar logistika giganti «UPS»da kuzatildi. Kompaniya 30 minggacha ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirib, ayrim haydovchilarga kontraktlarni sotib olish taklifini bermoqda. Bu qaror «Amazon» uchun yuk tashish hajmlari kamaygani bilan bog‘liq.
«Amazon» esa so‘nggi uch oyda ikkinchi bor ommaviy qisqartirish e’lon qildi. Bu gal 16 ming nafar xodim ishdan bo‘shatilishi kutilmoqda. Kompaniya rahbariyati bu qarorni ichki byurokratiyani qisqartirish va boshqaruvni soddalashtirish zarurati bilan izohlamoqda. Shu bilan birga, kimyo sanoati giganti «Dow» 4 500 nafar xodimni qisqartirish orqali operatsion modelni tubdan o‘zgartirishni rejalashtirgan.
SI va ortiqcha shtat
Iqtisodchilarga ko‘ra, qisqartirishlarning asosiy sabablaridan biri sun’iy intellektning tez joriy etilishi hisoblanadi. Kompaniyalar SI orqali xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirishga intilmoqda. Bu esa ayrim vazifalarni insonlarsiz bajarish imkonini berayapti.
Ikkinchi omil pandemiyadan keyingi tuzatish jarayonidir. 2020–2021 yillarda keskin kengaygan kompaniyalar hozirgi bozor sharoitida ortiqcha shtat bilan qolib ketgan. Shu sabab ish beruvchilar xodimlar sonini real talabga moslashtirmoqda.
Uchinchi omil iqtisodiy noaniqlik bilan bog‘liq. AQSHda ishsizlik darajasi 4,4 foiz atrofida qolsa-da, yangi ish o‘rinlari yaratish sur’ati keskin pasaygan. Dekabr oyida atigi 50 mingta yangi ish o‘rni paydo bo‘lgani mehnat bozorida sovish belgisi sifatida qaralmoqda.
Mehnat bozori bosimi
Qisqartirishlardan ham og‘irroq muammo — yangi ish topish qiyinlashgani hisoblanadi. Median ishsizlik davri 11,4 haftaga yetdi, bu 2021 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ish beruvchilar bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirishga shoshilmayapti, bu esa ishdan ayrilganlar uchun riskni oshirayapti.
«Goldman Sachs»ning AQSH bo‘yicha bosh iqtisodchisi Devid Meriklning ta’kidlashicha, kompaniyalar II orqali xarajatlarni kamaytirish imkoniyatlarini faol muhokama qilmoqda. Bu jarayon mehnat bozorining tuzilmasini hozirning o‘zida o‘zgartiryapti.
Mutaxassislar fikricha, SI sarmoyalari orta borgan sari, qisqartirishlar qisqa muddatli emas, balki tizimli trendga aylanishi mumkin. Bu esa mehnat bozorida yangi malakalarga talabni keskin oshiradi.



