Logo

AQSHda o‘zbek qahvaxona tarmog‘i tergov qilinmoqda

Bugun 16:452 daqiqa

Tergov qahvaxona isroilparast amaldorga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgani ortidan boshlangan.

AQSHda o‘zbek qahvaxona tarmog‘i tergov qilinmoqda © Foto: nypost.com

AQSH Adliya vazirligi Nyu-Yorkda faoliyat yurituvchi o‘zbekcha uslubdagi «Poetica Coffee» qahvaxonasiga nisbatan fuqarolik huquqlari bo‘yicha tergov boshladi. Bu haqda «Al Jazeera» nashri xabar berdi.

Bunga qahvaxona ma’muriyatining Isroilni qo‘llab-quvvatlagani sabab AQSH Vakillar palatasi a’zosi, demokrat Den Goldmanga xizmat ko‘rsatishni rad etgani va uni istalmagan shaxs deb e’lon qilgani sabab bo‘lgan.

Qahvaxona posti bahslarga sabab bo‘ldi

Voqea Bruklin va Ist-Villajda yettita filialga ega «Poetica Coffee»ning Lorimer ko‘chasidagi shoxobchasida yuz bergan. Siyosatchi Den Goldman qizi bilan qahvaxonaga kirganidan so‘ng, muassasa ijtimoiy tarmoqlarda uning suratini joylashtirib, keskin bayonot berdi.

«Bugun bizning shoxobchamizga qahva ichish uchun kirganingizni ko‘rdik. Uning ta’mi genotsid sharbatiga o‘xshamasligini sezdingizmi? Yoki hali ham farqiga borishga qiynalyapsizmi? Bilib qo‘ying, bu yerda — «Poetica» da biz irqchilarga, fashistlarga, gomofoblarga, genotsid tarafdorlariga yoki shularga aloqador bo‘lgan har qanday shaxsga xizmat ko‘rsatmaymiz. Sizni darhol tanimaganimiz chakki bo‘ldi, aks holda, bu yerdan quvib yuborgan bo‘lardik», — deyiladi qahvaxona ma’muriyati postida.

Shuningdek, qahvaxona Goldmanning ushbu filialda sarflagan 9,82 dollar pulini qaytarib berganini va u endi hech qachon bu yerga qaytib kelmasligi kerakligini qo‘shimcha qildi.

AQSH Adliya vazirligining fuqarolik huquqlari bo‘yicha bosh prokurori Xarmit K. Dillon mazkur holat yuzasidan tergov boshlashga ko‘rsatma berganini aytdi.

«Bu xatti-harakatlar nafaqat qoralanishi kerak, balki ular noqonuniy ham bo‘lishi mumkin», — dedi u.

Huquqiy asos hali noaniq

Hozircha Adliya vazirligi qaysi huquqiy asosga tayanib chora ko‘rishi mumkinligi aniq emas.

AQSH federal qonunlari va Nyu-York shtati qonunchiligi kompaniyalarga mijozlarni irqi, dini, jinsi yoki kelib chiqishi kabi himoyalangan belgilariga ko‘ra kamsitishni va xizmat ko‘rsatishni rad etishni taqiqlaydi. Biroq mazkur huquqiy himoya siyosiy qarashlar yoki mafkuraviy pozitsiyalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid

AQSHda o‘zbek qahvaxona tarmog‘i tergov qilinmoqda | Vaqt.uz