
AQSHda razvedkachilar yetishmayapti
29.05.2025 | 12:0015063
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) insonlar orqali ma’lumot to‘plash sohasida jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

Tashkilot rahbari Jon Retkliffning ta’kidlashicha, josuslar yetishmovchiligi MRBning global xavfsizlik tahdidlarini kuzatish qobiliyatini sezilarli darajada pasaytirmoqda. Bu holat, ayniqsa, Eron va Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturlari, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harakatlari hamda Xitoy va Tayvan atrofidagi vaziyatni baholashda sezilmoqda.
MRBning insonlar orqali ma’lumot to‘plash (HUMINT) sohasidagi faoliyati 2019 yildan buyon sezilarli darajada pasayganiga koronavirus pandemiyasi davrida shaxsiy aloqalarning cheklanganligi, byurokratik to‘siqlar va yangi texnologiyalarning josuslik faoliyatiga ta’siri sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, yuzni tanish texnologiyalari va kuzatuv kameralarining keng tarqalishi maxfiy operatsiyalarni qiyinlashtirmoqda.
MRBning ma’lumotlariga ko‘ra, agentlik hozirda ma’lumotlarning taxminan 60 foizini Milliy xavfsizlik agentligidan (NSA) oladi. Bu esa insonlar orqali ma’lumot to‘plashning ahamiyatini kamaytiradi. Shu bilan birga, MRB insonlar orqali ma’lumot to‘plashni qayta tiklash va zamonaviy tahdidlarga moslashtirish uchun yangi strategiyalar ishlab chiqmoqda.
MRB Xitoyda ayg‘oqchilar tarmog‘ini qayta tiklash maqsadida mandarin tilidagi videolar orqali mahalliy amaldorlarni jalb qilishga urinayotgani ma’lum qilindi. Shuningdek, MRB Rossiya, Eron va Koreya kabi davlatlarda ham shunga o‘xshash kampaniyalarni amalga oshirmoqda.





