
AQSHda shatdaun: hukumat faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi
02.10.2025 | 12:4037313
Bu Kongress yangi moliya yili uchun sog‘liqni saqlash xarajatlari bo‘yicha kelishuvga erisha olmaganidan so‘ng yuz berdi.

AQSHda shatdaun rasman boshlandi. 1 oktyabr kuni yarim tunda federal hukumat ishi muzlatildi. Bu holat yangi moliyaviy yil uchun byudjet hujjati qabul qilinmagani tufayli yuzaga keldi, deb xabar bermoqda Reuters.
Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili AQSH Kongressi davlat muassasalarining ko‘pchiligi uchun xarajatlar haqidagi qonunlarni ishlab chiqadi. Biroq bu jarayon ko‘p hollarda moliyaviy yil boshlanishidan oldin tugallanmaydi. Shu sababli parlament odatda vaqtinchalik xarajatlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qiladi va bu hukumat ishida uzilishlar yuz bermasligini ta’minlaydi.
Amaldagi vaqtinchalik qonunning muddati 30 sentyabr kuni yakunlandi. Respublikachi va demokratlar esa ushbu qonunni uzaytirish bo‘yicha kelishuvga kela olmadi. Prezident Donald Tramp yarim tunga qadar hujjatni imzolashi lozim edi, ammo kelishuv mavjud bo‘lmagani sabab hukumatning katta qismi pulsiz qoldi.
Shatdaun natijasida ko‘plab federal idoralar o‘z ishini to‘xtatdi. Pul yetishmasligi sabab davlat xizmatchilari ishsiz qolishi yoki maoshsiz ishlashga majbur bo‘lishi mumkin. Oq uy esa bu holat uchun siyosiy raqiblarini ayblab, hukumatning yopilishini “demokratlar ishi” sifatida baholadi.
Muttaxassislar shatdaunning uzoq davom etishi iqtisodiy faoliyatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etmoqda.
1976 yildan buyon bu AQSH tarixidagi 21-shi shatdaun hisoblanadi. Oxirgi marta esa yetti yil oldin, Trampning ilk prezidentlik davrida kuzatilgan bo‘lib, u 35 kun davom etgan eng uzoq hukumat yopilishi sifatida qayd etilgan edi.





