AQSHdan 72 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi

11.03.2026 | 17:401 daqiqa

Qonuniy asoslarsiz AQSHda bo‘lgan fuqarolarni qaytarish jarayoni doirasida navbatdagi deportatsiya reysi amalga oshirildi.

AQSHdan 72 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi

AQSH 11-mart kuni O‘zbekistonga navbatdagi deportatsiya reysini amalga oshirib, 72 nafar O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqardi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur reys AQSHning davlat chegaralari xavfsizligini ta’minlash va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash choralari doirasida tashkil etilgan. Deportatsiya qilingan shaxslar AQSH hududida qolish uchun qonuniy ruxsatga ega bo‘lmagan fuqarolar hisoblanadi.

Elchixona bayonotiga ko‘ra, AQSH hududiga noqonuniy kirgan yoki mamlakatda qonuniy maqomsiz qolgan shaxslarga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi. Bunday holatlarda ular qo‘lga olinib, deportatsiya qilinishi mumkin.

Jami deport qilinganlar soni

Qayd etilishicha, prezident Donald Tramp lavozimga kirishganidan buyon AQSHda noqonuniy migratsiyaga qarshi siyosat kuchaytirilgan. Shu davr mobaynida mamlakatdan 1000 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilingan.

«AQSH hududiga noqonuniy kirgan shaxslar qamoq jazosiga tortiladi va mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Qo‘shma Shtatlar AQSHning deportatsiya tadbirlarini o‘tkazishda yaqindan hamkorlik qilayotgani uchun O‘zbekiston hukumatiga o‘zining chuqur minnatdorligini bildiradi», deyiladi elchixona xabarida.

Avvalroq, 2026 yil 21-yanvar kuni ham AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan 44 nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilingan edi. O‘shanda AQSHdan repatriatsiya qilingan o‘zbekistonliklar soni qariyb 700 nafarga yetgani ma’lum qilingan.

Teglar

Mavzuga oid