
Argentina ayollarning tug‘uruq turizmiga chek qo‘ymoqda
Buenos-Ayres Argentinada faqat tug‘ish orqali fuqarolik olish sxemasini to‘xtatish uchun qonunlarini o‘zgartirdi, endi bu ancha qiyinlashadi.

Argentina hukumati «tug‘uruq turizmi»ni to‘xtatish maqsadida migratsiya siyosatini qat’iylashtirdi. Bu haqda RBK agentligiga mamlakatning Rossiyadagi elchisi Enrike Ignasio Ferrer Viyeyra ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ayniqsa rossiyalik ayollar so‘nggi yillarda vizasiz rejimdan foydalanib, maxsus ravishda Argentinada farzand ko‘rish va fuqarolik olish uchun kelishmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, katta yoshli xorijliklar Argentina fuqaroligini olish uchun mamlakatda rasman yashash huquqiga va kamida ikki yillik yashash tajribasiga ega bo‘lishi shart. Ilgari esa mamlakat hududida tug‘ilgan bolalar avtomatik tarzda fuqarolik oladi va ularning ota-onasi oilaviy qayta birlashish mexanizmi orqali osonlikcha fuqarolashardi.
Elchining ta’kidlashicha, ko‘p rossiyaliklar davlat maktablari va shifoxonalardan foydalanib, keyinchalik mamlakatni tark etib, soliq to‘lashdan qochishmoqda. «Bu esa davlat xizmatlarini moliyalashtirishda muammo keltirib chiqaradi», — dedi u. Shu bois Argentina hukumati tug‘uruq va ta’lim sohasida suiiste’mol holatlarini cheklashga qaror qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022–2023 yillar oralig‘ida Argentinaga 23 mingdan ortiq rossiyalik kelgan. Faqat 2023 yilning o‘zida 3700 kishi istiqomat guvohnomasi olgan, lekin ularning 75 foizi keyinchalik mamlakatni tark etgan. 2022 yilda esa Argentinaga 10 500 nafar homilador rossiyalik ayollar kirgan.
Bu qaror Argentina pasportining qadri bilan bog‘liq. U 170 ta mamlakatga vizasiz kirish, shu jumladan, YeI, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSHdagi uzoq muddatli viza olish imkonini beradi.
Avvalroq ayrim OAVlar tomonidan o‘zbekistonlik qo‘shiqchi, 38 yoshli Munisa Rizayeva o‘zining ilk farzandini Argentinada dunyoga keltirgani ma’lum qilingan edi.





