
Argentinada siyosiy debat paytida nomzod yurak xurujidan vafot etdi
Argentinada parlament saylovi uchun debat davomida fojea yuz berdi — 66 yoshli siyosatchi Ernan Damiyani jonli efir paytida yurak xurujiga uchrab vafot etdi.

Argentinagada «Radikal fuqarolik ittifoqi» (UCR) partiyasidan parlamentga nomzod bo‘lgan Ernan Damiyani debat paytida yurak xuruji sabab jonli efirda vafot etdi. Bu haqda Ispaniyaning 20minutos nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 66 yoshli siyosatchi «Dolar Blue» deb nomlangan teledasturda boshqa nomzodlar bilan birga ishtirok etayotgan paytida ahvoli keskin yomonlashgan. Efir boshlanganidan so‘ng bir necha daqiqa o‘tib, u polga yiqilgan va tez yordam xizmati orqali shifoxonaga yetkazilgan. Biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishmagan.
The Economist ma’lumotiga ko‘ra, Damiyani uzoq yillar tamaki chekish bilan bog‘liq sog‘liq muammolaridan aziyat chekkan. U 40 yildan ortiq vaqt mobaynida Misiones provinsiyasi siyosiy hayotida faol ishtirok etgan, bir necha marta mahalliy parlament deputati sifatida saylangan. Keyinchalik u Milliy Kongressda jinoyat huquqi bo‘yicha komissiyaga rahbarlik qilgan.
Damiyani 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etishi kutilgan edi. Primera Edicion nashri yozishicha, u partiyaning nufuzli va ta’sirli arboblaridan biri bo‘lib, bir necha bor UCR rahbari lavozimini egallagan.
Avvalroq Argentina prezidenti Xaviyer Miley korteji saylovoldi tadbiri paytida norozilar tomonidan hujumga uchragan. Tosh va tuxumlar otilgan avtomobilda uning singlisi ham bor edi. Ular xavfsizlik xizmati tomonidan shoshilinch evakuatsiya qilingan.





