add

Arxivlarga qulf: Rossiya Stalin qatag‘onlari haqidagi ma’lumotlarni yashirmoqda

28.09.2025 | 13:0025324

Rossiyada tarixchilarga sovet davri qatag‘onlari qurbonlari arxiv ishlari berilishi to‘xtatildi. Endi ular faqat qarindoshlarigagina ochiq bo‘ladi.

Arxivlarga qulf: Rossiya Stalin qatag‘onlari haqidagi ma’lumotlarni yashirmoqda
Rossiyaning bir nechta hududlarida sovet davridagi siyosiy qatag‘onlar qurbonlariga oid arxiv ishlari tadqiqotchilarga berilishdan to‘xtatildi. Bu haqda «Repressii v Sverdlovske» kanali muallifi Oleg Novoselov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sverdlovsk oblastining Davlat arxivida tadqiqotchilarga bunday ma’lumotlar endi taqdim etilmasligi aytilgan va qaror Rosarxivning 2025 yil mart oyida chiqarilgan № 38-sonli buyrug‘iga asoslanmoqda. Bu hujjatga ko‘ra, arxiv materiallari «xizmatga oid tarqatilishi cheklangan ma’lumot» sifatida tasniflanishi mumkin. Agar ular tarqalishi Rossiya manfaatlariga «potensial tahdid» solsa, Rosarxiv ularni yopish vakolatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, boshqa hududlarda ham tadqiqotchilar shunga o‘xshash to‘siqlarga duch kelayotgani xabar qilinmoqda. Masalan, tadqiqotchi Vasiliy Redekop Rosarxiv, Adliya vazirligi va Prezident administratsiyasiga murojaat qilgan. U olgan javoblarda arxiv ma’lumotlarini «tarixiy voqealarni buzib talqin qilish» yoki «nodo‘st davlatlar manfaatida qo‘llash» xavfidan himoya qilish zarurligi qayd etilgan. Prezident devonining xatida ta’kidlanishicha, Rosarxivga berilgan bunday vakolatlar «Rossiyaga nisbatan mislsiz iqtisodiy, siyosiy va axborot bosimi, shuningdek, nodo‘stona davlatlarning harakatlari» sharoitida qabul qilingan. Novoselov esa bunday amaliyot siyosiy repressiyalarni o‘rganishni butunlay imkonsiz qilajagini aytadi. Unga ko‘ra, bu taqiq federal qonunga zid: «Federal qonun emas, balki qonunosti hujjatlari asosida harakat qilish orqali amaldagi qonun butunlay teskariga aylanib qolmoqda», — dedi u. Mavjud qonunga ko‘ra, shaxsiy yoki oilaviy sirlarni, shaxsiy hayotga oid ma’lumotlarni yoki xavfsizlikka tahdid soluvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan arxiv hujjatlariga faqat 75 yildan keyin ochiq ruxsat berilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Arxivlarga qulf: Rossiya Stalin qatag‘onlari haqidagi ma’lumotlarni yashirmoqda | Vaqt.uz